Fevral oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga — $44,93 mlrdga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Joriy yilning 1-mart holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati bir oyda $2,034 mlrdga yoki qariyb 5% ga oshdi. Bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlangan vaqtdan keyingi davr uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shu bilan birga, o‘tgan yilning noyabr oyida o‘rnatilgan rekord yangilandi.
Oltin zaxiralari qiymati $201,9 mlnga kamayib, $34,86 mlrdni tashkil etdi. Shunga qaramay, rekord darajaga yaqinligicha qolmoqda. Uning fizik hajmi esa 12,18 mln troy unsiya (379,45 tonna) ga kamaydi.
O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari ham $2,23 mlrdga oshdi. Ularning hajmi $9,53 mlrdni, shu jumladan, boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlarida $414,32 mlnni hamda xorijiy banklarda $8,91 mlrdni tashkil etdi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati bir oyda qariyb ikki baravar oshib, $102,1 mlndan $202,46 mlnga yetdi.
2024-yilning oktabrida regulyator $65 mlnlik xorijiy obligatsiyalarni sotib olgani, bu esa ularning hajmini deyarli uch barobarga oshirgandi. Joriy yilda Markaziy bank AQSh davlat obligatsiyalarini xaridini davom ettiradi. Oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish uchun regulyator risksiz aktivlarga sarmoya kiritadi.
Avvalroq O‘zbekiston yanvar oyida dunyodagi eng yirik oltin xaridoriga aylangani haqida xabar berilgandi. Markaziy bankning sof xaridlari 8 tonnani tashkil etdi. Xaridorlar uchligiga Xitoy va Qozog‘iston, sotuvchilarga Rossiya, Iordaniya va Qirg‘iziston kirdi.