“Humo” to‘lov tizimi operatori Milliy banklararo protsessing markazida rahbariyat va kuzatuv kengashi o‘zgarishi mumkin. Bu haqda Korporativ axborot yagona portali ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

21-fevral kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha umumiy yig‘ilishning uch kishi — A. Ajibekov, I.Shamaxmudova va A. Adxamovdan iborat sanoq komissiyasi tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Kun tartibidagi ikkinchi masala dekabr oyida “Humo"ning 100% aksiyalarini 840,3 mlrd so‘mga ($65 mln) sotib olgan “Paynet” tomonidan MBPM boshqaruvi raisi lavozimiga nomzodlarni taqdim etish hamda 20-mart kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini o‘tkazish bo‘ldi.

Shuningdek, “Paynet” MBPMning amaldagi rahbari bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish va jamiyatning yangi raisi hamda kuzatuv kengashi a’zolarini saylash masalasini kun tartibiga kiritadi.

MBPMning amaldagi boshqaruv raisi Shuhratbek Qurbonov “Humo” to‘lov tizimiga bevosita tashkil etilganidan buyon rahbarlik qilib keladi, u kompaniyaga 2018-yilning dekabrida qo‘shilgan. “Humo” saytida Shuhratbek Qurbonovning lavozimi “boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi” deb ko‘rsatilgan.

28-fevral kuni Milliy banklararo protsessing markazi “Paynet"ni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va direktor (boshqaruv raisi) vakolatlarini amalga oshiruvchi shaxs sifatida Shuhratbek Qurbonov ham mavjud bo‘lgan affillangan shaxslar ro‘yxatiga kiritdi.

“Humo” tarixi

“Milliy banklararo protsessing markazi” 2018-yilda tashkil etilgan, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan “Humo” to‘lov tizimi ishga tushirildi. 2021-yilda “Uzcard” bilan hamkorlik qilishga kelishib, infratuzilmani integratsiyalashni boshladi.

2023-yilning yozidan buyon 6,4 mingta “Humo” bankomatlari “Uzcard” bank kartalarini o‘zaro asosda qabul qiladi. Hozirda to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ular allaqachon sinov bosqichiga chiqqan.

O‘tgan yilning mayida MBPM prezidentning tegishli farmoni bilan aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Kompaniya tomonidan nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan 155 448 748 dona oddiy aksiyalar chiqarilib, Davaktiv agentligida joylashtirildi.

Iyul oyi o‘rtalarida agentlik “Humo"ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi. Jarayon uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.

Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirdi. Kompaniya “Humo"ning joriy biznes modelini to‘lov texnologiyalari va xizmatlari bilan to‘ldirishni rejalashtirgandi. Biroq, noyabr oyiga kelib, kompaniya xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi.

“Spot” bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar “Humo"ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholashgandi. Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov bunga qo‘shilgan holda, “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.

Avvalroq 1-iyuldan ayrim kompaniyalarga to‘lov tizimlariga ulanish majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Bu budjet tashkilotlari, gaz va neft sotuvchi hamda mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.