O‘zbekistonda budjet tashkilotlari va bir qator kompaniyalarga onlayn to‘lov xizmatlariga ulanish majburiy bo‘ladi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi matbout xizmati xabar berdi.

26-fevral kuni hukumat tomonidan to‘lov tizimlari xizmatlaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi. Hujjat prezidentning 2024-yilning mart oyidagi qarori bilan tasdiqlangan strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni ijrosini ta’minlashga qaratilgan. Uning doirasida agentlik va Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan takliflar ishlab chiqildi.

2025-yilning 1-iyulidan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, gaz va neft mahsulotlarini sotuvchi hamda mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslar majburiy tartibda elektron to‘lov tizimlariga ulanishlari va to‘lovlarni ular orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratishlari kerak bo‘ladi.

Onlayn to‘lov tizimlari orqali to‘lovlarni qabul qilishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik belgilanadi. Bu hisob-kitob terminallari orqali to‘lovlarni rad etishga tenglashtiriladi.

Shuningdek, agentlik 1-iyulgacha hukumatning iqtisodiy bloki va Markaziy bank bilan 2030-yilgacha elektron to‘lovlar ulushini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.

Avvalroq banklar 12 oydan ortiq vaqt ichida faol bo‘lmagan bank kartalarini bloklashi mumkinligi haqida xabar berilgandi. “Humo” to‘lov tizimi foydalanuvchilardan bir yildan ortiq vaqt ichida amaliyotlar bajarilmayotgan kartalarni bot orqali vaqtinchalik bloklashni tavsiya qildi.