Joriy yilning 7-martidan Toshkent shahrida yo‘llarni ta’mirlash mavsumi boshlanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu prezident va hukumatning tegishli qarorlarini amalga oshirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda shahar aholisi va jamoat transportining harakatlanishi uchun qulayliklarni yaratish maqsadida amalga oshiriladi.
Buning uchun Toshkentning transport oqimi faol bo‘lgan ko‘chalari holati tekshirildi. Tahlil natijalari bilan manzilli ta’mirlash dasturi ishlab chiqilib, 2025-yilda joriy va kapital ta’mirlash talab qilinadigan ko‘chalar ro‘yxati kiritildi.
Unga ko‘ra, dastur doirasida umumiy maydoni 65 ming kv.metrdan ortiq bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan.
Ishlar qoplamaning uzoq muddat chidamli bo‘lishini ta’minlaydigan texnologiyalar va materiallarni qo‘llagan holda ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar tomonidan amalga oshiriladi.
Tirbandliklarning oldini olish va noqulayliklarni kamaytirish maqsadida yo‘l ishlari asosan transport harakati eng kam bo‘lgan soatlarda tashkil etiladi.
Hokimlik ta’mirlash ishlari aholiga noqulaylik keltirib chiqarishi mumkinligi bilan birga, ishlar nisbatan qulay harakatlanish va xavfsizlikni ta’minlashini kutmoqda.
Avvalroq Toshkentdagi mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari uzluksiz rejimga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Poytaxtdagi 26 ta ko‘chada jami 40 km uzunlikdagi 24/7 ko‘chalar tashkil etish rejalashtirilgan. Ularda mingdan ortiq yangi tadbirkorlik nuqtalari ochilib, 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.