Avvalroq prezident 4-mart kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida poytaxtda joriy yil oxirigacha banklar ko‘magida 1,5 mln ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilganini qayd etdi.

“Ikkinchi yo‘nalish — investitsiyalar. Biz shaharga $10 mlrdlik investitsiyalarni jalb qilish majburiyatini olganmiz. Bu katta mablag‘, chunki 2024-yilda bu ko‘rsatkich $3 mlrdni, 2023-yilda esa undan ham kamroqni tashkil etgandi”, — dedi hokim.

Taqdimotga ko‘ra, birinchi yarim yillikda Toshkentga $2,9 mlrd (shundan $2,8 mlrd xorijiy), ikkinchi yarim yillikda $3,9 mlrd ($3,8 mlrd) investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. 2025-yil yakuni bilan jalb qilingan kapital qo‘yilmalarning umumiy hajmi $6,8 mlrdni ($6,6 mlrd) tashkil etadi.

Bundan tashqari, joriy yilda $2,5 mlrdlik 582 ta loyiha ishga tushirilib, 27,5 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Xizmat ko‘rsatish sohasiga umumiy qiymati $2,1 mlrd bo‘lgan 488 ta loyiha, sanoat sohasiga $428 mlnlik 94 ta loyiha to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, prezidentga Toshkent shahrida qurilish, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish rejalari, ularni amalga oshirishda to‘siq bo‘layotgan muammolar haqida ma’lumot berildi. Xususan, hokim “sanoatda ikkita muammo” borligini, ularni hal etish bo‘yicha davlat rahbari tomonidan tegishli topshiriqlar berilganini ta’kidladi.

Umurzoqov tizimli yondashuvni qo‘llash poytaxtga $10 mlrdlik investitsiyalarni jalb qilishni osonlashtirishiga ishonch bildirdi. Joriy yilda Toshkent eksportini $4,8 mlrdga yetkazish maqsad qilingan, dedi u.

Avvalroq Toshkentdagi mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari uzluksiz rejimga o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.