AQSh prezidenti Donald Tramp raqamli aktivlarni saqlash uchun mo‘ljallangan milliy bitkoin zaxirasi — “Strategic Bitcoin Reserve” tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Farmonga ko‘ra, jinoiy va fuqarolik ishlari doirasida musodara qilingan bitkoinlar endi sotilmaydi. Buning o‘rniga, ular to‘planib, xuddi oltin kabi AQShning strategik zaxira aktivi sifatida qaraladi.

Zaxira federal agentliklar balansidagi 200 ming BTC bilan to‘ldiriladi. Ularning qiymati $17,5 mlrdga baholanmoqda.

Shu bilan birga, davlat bitkoinni byudjet mablag‘lari hisobiga sotib olmaydi, biroq Moliya vazirligi va Savdo vazirligiga uni jamg‘arishning zararsiz strategiyalarini ishlab chiqish topshirildi.

Ethereum, Solana va XRP kabi boshqa raqamli aktivlar alohida fondga joylashtiriladi, ammo ular ham davlat tomonidan sotib olinmaydi.

Tramp ma’muriyatining tushuntirishicha, AQSh musodara qilingan kripto-aktivlarni yetarlicha samarali boshqarmagan. So‘nggi 10 yil ichida federal agentliklar 195 ming BTC’ni $366 mlnga sotgan, garchi bugungi kunda ularning qiymati $17 mlrdni tashkil etgan bo‘lardi.

bitkoin, zaxira, aqsh

Farmon e’lon qilinganidan so‘ng, bitkoin kursi 5%ga — $90 mingdan $85 minggacha pasaydi, biroq keyinchalik qisman tiklanishga erishdi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu holat investorlarning ikki xil munosabati tufayli yuz berdi. Bir tomondan, Tramp bitkoinning strategik ahamiyatini tan oldi, boshqa tomondan esa uni davlat tomonidan xarid qilinishi imkoniyatini rad etdi.

Donald Tramp kriptovalyutalarni rivojlantirishni milliy ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e’lon qildi va raqamli aktivlar bo‘yicha davlat maslahat kengashini tuzishni rejalashtirmoqda.

U AQShni “dunyoning kripto poytaxti"ga aylantirish va’dasini berdi, uning ma’muriyati esa sohani tartibga solishda keng qamrovli islohotlarni tayyorlamoqda.

Tramp, shuningdek, kriptovalyutalar tarafdori bo‘lgan Pol Atkinsni AQSh qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi rahbari lavozimiga tayinlashni ko‘rib chiqmoqda. Bu qaror bozorni tartibga solishda jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, u o‘zining shaxsiy kriptovalyutasi — $TRUMP nomli memkoinni ishga tushirdi.