Pilot tashabbus doirasida mamlakat bo‘ylab 179 ta Uzum Market buyurtmalarni topshirish punktlari qo‘shildi. Punktlarning kirish joylarida tashabbus ishtirokchiligi haqida ma’lumot beruvchi stikerlar joylashtirildi, bu esa xavfsiz joylarni osongina aniqlash imkonini beradi. Buyurtmalarni topshirish punktlari xodimlari murojaat qilganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitildi va ular muntazam ravishda test sinovlaridan o‘tadi. Bu muhim jihat, chunki butun mamlakat bo‘ylab ayollar ushbu stiker mavjud bo‘lgan punktlarda ularga albatta yordam berilishiga ishonch hosil qilishlari lozim.

“Biz Uzum Market’ni „Umidani chaqiring“ tashabbusi hamkorlari qatorida ko‘rishdan mamnunmiz. Hamkorligimiz o‘z vaqtida boshlandi — bu yilgi Xalqaro xotin-qizlar kuni mavzusi — Hamma ayollar va qizlar uchun: Huquqlar. Tenglik. Keng imkoniyatlar. BMTTD shuni ishonch bilan ta’kidlaydi: taraqqiyotga faqatgina kuchlarni birlashtirish orqali erishish mumkin. Bizga qo‘shiling va yanada xavfsiz va teng huquqli jamiyat barpo etishga o‘z hissangizni qo‘shing”, — dedi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii.

reklama, uzum market

“Bu BMTTD bilan gender tengligini ta’minlashga qaratilgan birinchi loyihamiz emas. Biz mamlakat bo‘ylab 1300 dan ortiq ayolni raqamli savodxonlik va tadbirkorlik asoslariga o‘rgatdik. Endi esa bizning buyurtmalarni topshirish punktlarimizda har qanday ko‘chada qiyin vaziyatga tushib qolgan ayol yoki qiz yordam topishi va vaqtinchalik boshpana olishi mumkin. Muhimi, har kim bilishi kerak: agar yaqin atrofda Uzum Market punkti bo‘lsa, u yerga kirib, yordam olishi mumkin. Punktning o‘zida esa xavf-xatardan qochib keyingi qadamni mustaqil hal qilish mumkin”, — dedi Uzum Market bosh direktori Ilshat Xametov.

“Umidani chaqiring” tashabbusi 2022-yil mart oyida ishga tushirilgan bo‘lib, u ayollar va bolalar uchun xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan, ular ko‘chadagi zo‘ravonlik va ta’qibga eng ko‘p duch keladigan guruhlar hisoblanadi. Ushbu tashabbus doirasida korporativ ijtimoiy mas’uliyat va ko‘ngillilik asosida xavfsiz joylar tarmog‘i yaratilib, hamkor kompaniyalar — supermarketlar, restoranlar, dorixonalar va boshqa joylarda shaxsiy xavfsizlikka tahdid soluvchi vaziyatlarga tushib qolgan insonlar uchun vaqtincha boshpana taqdim etiladi.

Bugungi kunga kelib, 17 ta kompaniya loyiha ishtirokchisiga aylangan, tarmoq bo‘ylab 350 dan ortiq xavfsiz lokatsiya mavjud, shuningdek, 8000 dan ortiq hamkor kompaniya xodimlari ko‘chada tazyiqqa uchraganlarga yordam berish bo‘yicha o‘qitilgan.

Loyiha haqida batafsil ma’lumot olish va ishtirok etish uchun havola orqali murojaat qilish mumkin.

Reklama huquqlari asosida.