Qirg‘iziston yaqin yillarda temir yo‘l qurilishi bo‘yicha bir nechta loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati tomonidan e’lon qilingan 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy rivojlanish dasturida aytilgan.

Hujjatda mamlakat uchun transport-logistika integratsiyasi va diversifikatsiyasining ahamiyati ta’kidlangan. Biroq, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va temir yo‘llarning eskirishi yuk tashish tezligining pasayishiga va ichki tashish xarajatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston transport sektorining qo‘shilgan qiymati $0,5 mlrdni tashkil etadi. Hukumat xalqaro transport yo‘laklari bilan aloqaning sustligini eksport imkoniyatlarini cheklovchi omil sifatida ko‘rsatmoqda.

2030-yilgacha transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish rejalariga temir yo‘l tarmoqlarini rivojlantirish ham kiritilgan. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston magistrali loyihasiga, uning tranzit imkoniyatlari va savdo aloqalarini kengaytirishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, ichki temir yo‘llarni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bular orasida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2024-yil may oyida e’lon qilgan Baliqchi — Qorako‘l tarmog‘i loyihasi ham bor.

Botken viloyatini rivojlantirish rejasi doirasida Botken-Qo‘qon temir yo‘lini barpo etish mo‘ljallanmoqda. Bu loyiha yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, transport infratuzilmasi va savdo aloqalarining yaxshilanishiga xizmat qilishi kutilmoqda. Loyihaning batafsil ma’lumotlari keltirilmagan.

Bundan tashqari, dasturda Jalolobodda xalqaro aeroport qurish, Botken va Razzoqov aeroportlarini zamonaviylashtirish, Chotqol-Toshkent avtomobil yo‘lini barpo etish hamda boshqa bir qator avtotrassalarni yangilash ko‘zda tutilgan.

Uch tomonlama temir yo‘l loyihasi

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.

Temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi mumkin. Joriy yilning iyun oyida temir yo‘l qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Iyulda Shavkat Mirziyoyev loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitimni tasdiqladi. Hujjat bilan loyihani amalga oshiruvchi kompaniyaning ustav kapitaliga $255 mln ajratish topshirilgan. Shundan $14 mlni joriy yil oxirigacha o‘tkazilishi kerak.

Oktabr oyi boshida Bishkekda loyiha idorasi ochildi. Aqilbek Japarov mazkur temir yo‘lning qurilish ishlari o‘z vaqtida yakunlanishini aytdi. Noyabrga kelib, Qirg‘iziston hukumati loyiha kompaniyasiga $14 mln ajratishni tasdiqladi.

YTTB Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini moliyalashtirishi mumkin. Bank O‘zbekiston Transport vazirligi bilan loyiha doirasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Mazkur temir yo‘li qurilishi 2024-yilning 27-dekabrida boshlanishi ma’lum qilindi. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va qo‘shma loyiha kompaniyasi investitsiya shartnomasini imzoladilar.