Qrim arbitraj sudi tadbirkor Artyom Paliychukning “KUCH” brendiga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi da’vosi bo‘yicha Jizzax akkumulyator zavodi foydasiga qaror chiqardi. Bu haqda hakamlik kartotekasiga tayanib, “Kommersant” xabar berdi.

Paliychuk korxonani “KUCH” avtomobil akkumulyatorlari savdo belgisiga bo‘lgan huquqlarni buzganlikda ayblab, 257 mln rubl ($2,88 mln yoki 37,4 mlrd so‘m) tovon puli undirishni talab qilgan.

Zavod huquqshunoslarining ta’kidlashicha, savdo belgisi kompaniya tomonidan Rossiyada Paliychuk tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar ishlatilgan, tadbirkorning o‘zi esa undan foydalanmaydi.

Sud aniqlashicha, Paliychuk 2018 yildayoq zavod bilan Rossiyaning “ARS Motors” kompaniyasi nomidan distribyutorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Jizzax akkumulyator zavodi Rossiya va Belarusga “KUCH” akkumulyatorlarini yetkazib berish majburiyatini olgan.

Ta’kidlanishicha, Paliychuk tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirgan paytda, undan boshqa kompaniya foydalanayotganini bilgan. Qarorga ko‘ra, tadbirkorning xatti-harakatlari “insofsizlik” maqsadida bo‘lib, “foyda olish va tovon puli undirish"ga qaratilgan.

Shuningdek, sud tomonidan ta’kidlanishicha, nizoli tovar belgisiga huquqiy himoya berilishi zavodning undan erkin foydalanish imkoniyatini cheklaydi hamda unga moddiy zarar va obro‘siga putur yetkazish xavfini tug‘diradi. Da’voni qanoatlantirish rad etildi.

Da’vo arizasi dastlab 2023-yil bahorida ko‘rib chiqilgan edi. O‘shanda arbitraj sudi Jizzax zavodi 2019−2022 yillar davomida “KamAZ"ga 128,6 mln rubl qiymatidagi akkumulyatorlar yetkazib berganini aniqladi va korxonaning bu harakatlarini intellektual mulk huquqlarini buzish deb baholadi.

Natijada sud Jizzax akkumulyator zavodidan ikki barobar miqdorda tovon undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shu bilan birga, Paliychuk “ARS Motors” kompaniyasidan o‘zining savdo belgisi ostida akkumulyatorlarni sotish bo‘yicha litsenziya shartnomasi asosida 6,2 mln rubl miqdoridagi qarzni undirib oldi.

Biroq O‘zbekiston korxonasi hakamlik sudining hukmi ustidan shikoyat qilgan. O‘sha yilning noyabr oyida Intellektual huquqlar sudi kompaniyaning Paliychukning vijdonsiz xatti-harakatlari haqidagi dalillarini inobatga olib, qarorni bekor qildi va ishni qayta ko‘rib chiqish uchun yubordi.

Rossiya davlat intellektual mulk akademiyasi ekspert markazi rahbari Gennadiy Zolotov patent trollarining keng tarqalganligini ta’kidladi. U Paliychukning tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarini Rospatentda ro‘yxatdan o‘tkazilganligiga qarshi e’tiroz bildirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi.


Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston va Qozog‘iston kompaniyalariga yangi sanksiyalar joriy qilgani haqida yozgandi.

Ittifoq mazkur kompaniyalarni savdo sanksiyalarini chetlab o‘tishga ko‘maklashish va dronlar hamda raketalar uchun ehtiyot qismlarni xarid qilishda ayblamoqda.