Rossiya banki naqd chet el valyutasini yechib olish bo‘yicha cheklovlarni yana yarim yilga, 2025-yil 9-sentabrgacha uzaytirdi. Bu haqda “Forbes Russia” nashri xabar berdi.
Markaziy bank matbuot xizmati xabar berishicha, bunday qaror Rossiya moliya institutlariga G‘arb mamlakatlarining naqd valyutasini sotib olishni taqiqlovchi sanksiyalar sababli qabul qilingan.
2022-yil 9-martgacha ochilgan valyuta hisobvaraqlari yoki omonatlari egasi bo‘lgan rossiyaliklar ko‘rsatilgan sanada Moskva vaqti bilan soat 00:00 holatiga ko‘ra qolgan pul mablag‘larini, biroq $10 mingdan (yoki shunga teng yevrodan) oshmaydigan miqdorda yechib olishlari mumkin.
Fuqarolar, agar ilgari bunday imkoniyatdan foydalanmagan bo‘lsalar, valyutani yechib olishlari mumkin. Qolgan mablag‘larni avvalgidek rubl ko‘rinishida olish imkoniyati saqlanib qoladi.
2022-yil 9-sentabrgacha hisobvaraqqa joylashtirilgan mablag‘lar uchun to‘lanadigan summa, to‘lov kunidagi Markaziy bankning rasmiy kursi bo‘yicha hisoblangan summadan kam bo‘lmasligi lozim. Mazkur muddatdan keyin joylashtirilgan mablag‘larni berish chog‘ida esa, berilish sanasidagi kurs qo‘llaniladi.
Banklar uchun hisobvaraqlar yoki omonatlardan valyuta berishda fuqarolardan komissiya olish taqiqi olti oyga uzaytirildi, deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank.
Rossiya banki birinchi marta 2022-yil 9-martda, Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiyasi” boshlanganidan ko‘p o‘tmay, valyutani yechib olish uchun limit joriy qildi.
Dastlab, chora 2022-yil 9-sentabrgacha amal qilgan, biroq shundan so‘ng cheklovlar bir necha bor yana olti oyga, oxirgi marta o‘tgan yilning sentabrida, 2025-yil 9-martgacha uzaytirilgan.
Avvalroq “Spot” Rossiya Markaziy banki raqamli rublni ommaviy joriy etish sanasini kechiktirishi haqida yozgandi.
Regulyator raisining qayd etishicha, kechikish barcha tafsilotlarni qayta ko‘rib chiqish va banklar bilan maslahatlashish zarurati bilan bog‘liq hisoblanadi.