O‘zbekiston va Turkmaniston 25 fevraldan boshlab erkin savdo rejimini joriy etdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlikning xabar berishicha, 2024-yil 16-iyulda Toshkentda imzolangan uzoq muddatli savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga erkin savdo rejimidan istisnolar to‘g‘risidagi bayonnomaning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ikki tomonlama tartib-taomillar yakuniga yetkazildi.
Prezident 27-yanvar kuni xalqaro shartnomani tasdiqladi va uni amalga oshirish bo‘yicha mas’uliyatni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasiga yukladi.
Rejimning joriy etilishi natijasida ikki mamlakat hududida ishlab chiqarilayotgan tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi, ayrim turdagi mahsulotlar bundan mustasno, tovarlarning o‘zaro savdosidagi mavjud cheklovlar olib tashlandi, savdo tartib-taomillari soddalashtirildi.
Masalan, Turkmanistonga olib kirilayotgan mahalliy sement mahsulotlari (bojxona to‘lovi 100%), to‘qimachilik matolari (50%), mebel (50%), shisha idishlar (50%), suv isitish qozonlari (15%), plastik va polipropilen mahsulotlar (10%), kolbasa va go‘sht mahsulotlari (1 kg uchun $2), paxta yog‘i (1 kg uchun $1) bojxona to‘lovlari bekor qilindi.
“Bojsiz savdo rejimining qo‘llanishi kelgusida ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va sanoat kooperatsiyalarini rivojlantirish orqali o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga imkon yaratadi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda Turkmaniston bozoriga mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimidan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha muntazam tizimli ishlar olib boriladi.
Avvalroq “Spot” Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, Afg‘oniston zavodlaridan paxta tolasi, ip va shakar xarid qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.