Xitoy 10-martdan boshlab AQShdan import qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga rasman qo‘shimcha bojlar joriy etdi. Bu haqda “RBC” nashri xabar berdi.
Quyidagilar cheklovlarga duch keldi:
- bug‘doy, makkajo‘xori, paxta va tovuq go‘shtiga qo‘shimcha 15% boj solig‘i;
- soya dukkaklari, cho‘chqa go‘shti, mol go‘shti va dengiz mahsulotlariga qo‘shimcha 10% boj solig‘i.
Bojlar amaldagi tariflardan tashqari hisoblanadi, biroq imtiyoz va istisnolar o‘z kuchida qoladi.
AQShdan 10-martgacha jo‘natilgan va Xitoyga 12-aprelgacha yetib keladigan tovarlar yangi to‘lovlardan ozod qilinadi.
Xitoy nima uchun tariflarni joriy qilmoqda
Bu choralar AQShning Xitoy eksportiga bojxona tariflarini oshirish to‘g‘risidagi qaroriga javoban qabul qilindi. AQSh bu qarorini fentanilning noqonuniy savdosiga qarshi kurash bilan izohlagan.
Fevral oyida Tramp 10%lik bojni tasdiqlagan bo‘lsa-da, mart oyi boshida bu stavka 20%ga ko‘tarildi. Vashington Pekinni opioidlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan kimyoviy moddalar yetkazib berilishini to‘xtatish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmaganlikda aybladi.
Xitoy bu qadamlarni xalqaro savdo me’yorlarining buzilishi deb baholab, JSTga shikoyat qildi.
Xitoy hukumati vakillari ta’kidlashicha, yangi tariflar amerikalik ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar uchun qo‘shimcha yuk bo‘ladi, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalariga putur yetkazadi.
AQShning Xitoyga eksportida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari asosiy o‘rinni egallaydi. 2024-yilda yetkazib berish hajmi $40 mlrdga yetdi, shundan $13 mlrdi soya doniga to‘g‘ri keldi. Endi amerikalik fermerlar raqobatbardosh bo‘lib qolish uchun yangi bozorlarni izlashlari yoki narxlarni pasaytirishlari zarur bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar mamlakatlar o‘zaro kelishuvga erishmasa, vaziyat keng ko‘lamli savdo mojarosiga aylanib, jahon oziq-ovqat bozorlariga ta’sir ko‘rsatishi va narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.