7-mart kuni xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan xotin-qizlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2025-yilda qo‘shimcha $200 mln yo‘naltiriladi.
“Biznesni rivojlantirish banki"ga ajratilgan mablag‘lar hisobidan “Hamroh” tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida belgilangan tartib va mexanizmlar asosida kreditlar ajratiladi.
“Xalq banki” va “Mikrokreditbank"ga ajratilgan mablag‘lar hisobidan kreditlar oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida beriladi. Qaror ijrosi har oyda muhokama qilib boriladi.
7-mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, joriy yil 2 mln nafar ayollar bandligini ta’minlash, shundan 1,3 mlnini tadbirkorlikka jalb etish rejalashtirilganini qayd etgandi.
Buning uchun banklar tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qulay moliyaviy paketlar taqdim etiladi. Xususan, quyidagi banklar xotin-qizlar loyihalariga ko‘maklashish va arzon kreditlar taqdim etish uchun jalb qilinadi:
- “O‘zmilliybank” xizmatlar sohasida — 200 ming nafar;
- “Turonbank” limonchilikda — 150 ming nafar ayollar
- “Mikrokreditbank” parrandachilikda — 160 ming nafar;
- “Sanoat qurilish bank” sabzavot va ko‘chatlar yetishtirishda — 160 ming;
- “Xalq banki” uzum, brokkoli va mahalliy karam yetishtirishda — 150 ming;
- “Agrobank” bog‘dorchilik yo‘nalishida — 144 ming;
- “Biznesni rivojlantirish banki” ko‘kat, bulg‘or qalampiri, baqlajon va pomidor yetishtirishda — 94 ming;
- “Asakabank” farmatsevtika va uzumchilikda — 82 ming;
- “Aloqabank” IT, asalarichilik va mevali ekinlar yetishtirishda 58 ming nafar ayollarimizni band etishga ko‘maklashadi.
Buning uchun 2025-yilda mahallalarda ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun qo‘shimcha 3,3 trln so‘m ajratiladi. Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida yana $100 mln beriladi. Bunga qo‘shimcha ravishda banklar ham $100 mln jalb qilib, mahallalarda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlarga 50 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratadi.
Shu bilan birga, biznes tajribasi bo‘lmagan 20 ming nafar xotin-qizni tadbirkorlikka o‘qitish rejalashtirilmoqda. Aylanmasi 100 mlrd so‘mdan oshgan 50 nafar ayol tadbirkor “chempion tadbirkor"ga aylantiriladi.
Avvalroq mikrofirma va kichik korxonalarga yillik statistika hisobotini har uch yilda bir marotaba topshirishga ruxsat berilishi ma’lum qilingandi.