Rossiya banki bir kishiga rasmiylashtirilishi mumkin bo‘lgan kartalar sonini cheklash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda prezidentning hukumat a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida Markaziy bank raisi Elvira Nabiullina ma’lum qildi.
“Biz bir kishiga rasmiylashtirilishi mumkin bo‘lgan kartalar soniga cheklov qo‘yish masalasini muhokama qilmoqdamiz. Bu cheklovlar oddiy fuqarolarga ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki oddiy fuqarolar yuzlab, hatto minglab karta ochmaydilar,” — dedi Nabiullina.
Nabiullinaning aytishicha, oddiy odamga turli banklarning shuncha ko‘p kartalari kerak emas.
“Shuning uchun chegara o‘rnatish kerak — aytaylik, bitta bankda beshtaga qadar, bir nechta bankda esa 20 tagacha karta. Bu ko‘lamni kamaytiradi”, — dedi Nabiullina.
Regulyator rahbarining qo‘shimcha qilishicha, bu halol fuqarolarning huquqlarini hech qanday tarzda cheklamaydi, ya’ni ularning barcha ehtiyojlari hisobga olinadi.
2024-yilning noyabr oyi oxirida Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirayotgani haqida “Spot"ga ma’lum qilgandi.
Undan keyin regulyator bu yechim bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida aholiga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirishga qaratilganini bildirdi.
Joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston Markaziy banki bitta fuqaroga ajratiladigan kartalar sonini 20tagacha cheklagandi. Mazkur tartib 2025-yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha amal qiladi.