Toshkent shahar hokimligi poytaxtda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish ishlari amalga oshirilishiga izoh berdi.

Ta’kidlanishicha, bu poytaxt iqtisodiy o‘sishining harakatlantiruvchi kuchidir. Hokimlik tomonidan tadbirkorlarga shart-sharoit yaratish, tovar va xizmatlar ommabopligini oshirish, hamda zamonaviy shahar infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Savdo maydonlarini rivojlantirish biznes vakillari imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga barqaror iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shuvchi qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishni ham o‘z ichiga olishi qayd etildi.

“Gastronomik” ko‘cha loyihasi uchun tanlangan joylar mavjud tadbirkorlik faoliyati asosida belgilangan. Muassasalar “oxirgi mijozgacha” ishlagan va loyiha rezidenti maqomini berish ularning 24/7 rejimida ishlash huquqini qonuniylashtiradi.

Hokimlik bu tadbirkorlarga mijozlar ehtiyojidan kelib chiqib, muassasalar ishini moslashuvchan tarzda tashkil etish imkonini berishini kutmoqda.

Shuningdek, uzluksiz ishlaydigan savdo hududlarida tashrif buyuruvchilar xavfsizligi va qulayligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Xususan, bu hududlarda militsiya tayanch punktlari va turizm politsiyasi tashkil etiladi. Hududlarni tozalashning tezlashtirilgan sikli joriy etilib, zamonaviy hojatxonalar va boshqa qulayliklar yaratiladi.

“Hokimlik tutash hududlar aholisining manfaatlarini hisobga oladi va ortiqcha shovqin, odamlar to‘planishi va jamoat tartibini buzishning oldini olish mexanizmlarini ishlab chiqmoqda”, deyiladi xabarda.

Qoidabuzarlik holatlarida kuchaytirilgan javobgarlik choralari ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu poytaxt aholisi va mehmonlari uchun qulay muhitni saqlab qolish imkonini beradi. Tashabbus poytaxt nufuzi, sayyohlar uchun qulayliklarni yaxshilashga qaratilgan, “biroq eng muhimi Toshkent aholisining manfaatlari ustuvor hisoblanadi”.

7-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohaini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Toshkentdagi 26 ta ko‘chani tunu-kun ishlaydigan gavjum ko‘chaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini 1 mingtaga ko‘paytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgandi.

Mart oyida Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov poytaxtdagi 26 ta ko‘chada jami 40 km uzunlikdagi 24/7 ko‘chalar tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ularda mingdan ortiq yangi tadbirkorlik nuqtalari ochilib, 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Avvalroq 7-martdan Toshkentda yo‘llarni ta’mirlash boshlangani haqida xabar berilgandi. Ishlar transport harakati faol bo‘lgan ko‘chalarda amalga oshirilib, umumiy maydoni 65 ming kvadrat metrdan ortiq yo‘llar ta’mirlanadi.