Toshkentdan Buxoroga “Afrosiyob” elektropoyezdining qo‘shimcha harakati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda “Temiryo‘lekspress” matbout xizmati xabar berdi.
Qo‘shimcha qatnov Navro‘z bayrami hamda Ramazon hayiti munosabatlari bilan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshiriladi.
Yuqori tezlikda harakatlanuvchi 778/777-sonli Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi “Afrosiyob” poyezdi joriy yilning 20, 25, 31-mart va 1-aprel kunlari harakatlanadi.
Qo‘shimcha qatnov jadvali quyidagicha:
778-sonli Toshkent-Buxoro yo‘nalishi
- Toshkent 06:03 — Buxoro 10:14;
777-sonli Buxoro-Toshkent yo‘nalishi
- Buxoro 17:55 — Toshkent 22:08.
Shuningdek, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun Samarqand-Toshkent-Samarqand yo‘nalishida ham “Afrosiyob” elektropoyezdining qo‘shimcha harakati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu harakat 20, 21, 22, 23, 24, 29, 30, 31-mart hamda 1-aprel kunlari amalga oshiriladi.
Joriy yilning 1-fevralidan yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlarining VIP, Biznes toifadagi chipta narxlari 25%ga, ekonom toifadagi chipta narxlari esa 20%ga oshirildi. Bundan tashqari, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chipta narxlari 30%ga qimmatlashdi.
Shu bilan birga, mahalliy yo‘nalishdagi (yotoqli) yo‘lovchi poyezdlar chipta narxining tarif qismi 10,5%ga ko‘tarildi.