Joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonga xorijdan qiymati $44,87 mlnlik 2 570 dona yengil avtomobil olib kelindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan qiymat jihatidan 3,53 barobar, miqdor jihatidan esa 2,82 barobarga kamaygan.

O‘tgan oyda mamlakatga jami 1 586 ta benzinli yengil avtomobil import qilingan bo‘lib, bu miqdor jihatidan 2,78 baravarga qiqsarishni ko‘rsatdi. Pul ifodasida esa uning hajmi $97,1 mlndan $34,2 mlngacha tushdi.

Elektromobillarning olib kirilishi qariyb yarmiga — 1 905 donadan 940 donagacha kamaydi. Qiymat jihatidan bu ikki baravardan ortiqqa yoki $41,2 mlndan $9,5 mlngacha tushdi.

Eng yuqori pasayish gibrid avtomobillar importida kuzatilgan — 21 barobar (924 donadan 44 donagacha). Benzin va elektrda harakatlanuvchi avtomobillar qiymati $1,15 mlnga teng bo‘ldi.

2024-yilda O‘zbekistonga tarixda birinchi marta elektromobillar va gibrid avtomobillar importi benzinli avtomobillardan oshib ketdi. Benzinli avtomobillarning importdagi ulushi 64,4% dan 44,2% ga kamaydi. Shu bilan birga, yetkazib berilgan elektromobillar ulushi 20% dan 32,3% ga, gibrid avtomobillarniki esa 15,3% dan 23,4% ga oshdi.

Shu bilan birga, o‘tgan yili umumiy qiymati $1,28 mlrdlik 74,7 ming dona yengil avtomobillar, shu jumladan, elektromobillar olib kelindi. 2023-yilga nisbatan import hajmi qiymat jihatidan 33,2%ga, miqdor jihatidan esa 7%ga pasaydi. Elektromobillar hajmi 24,09 mingdan ortiqni tashkil etdi.

Noyabr oyidan import avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish tartibi o‘zgartirilib, ular bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda sinovdan o‘tkazila boshlandi.

Avvalroq mamlakatda 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshirilishi haqida xabar berilgandi. Iqtisodchilarning fikricha, bu notarif cheklovlarga qo‘shimcha ravishda joriy etilayotgan boj to‘lovi bo‘lib, Jahon savdo tashkiloti tamoyillariga ziddir.