Fevral oyida O‘zbekiston Markaziy banki $100 mlndan ortiq qimmatli qog‘ozlarni xarid qildi. Bu haqda regulyator veb-saytidagi ma’lumotlarda keltirilgan.
1-mart holatiga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar hajmi $202,5 mlnni tashkil etdi, bu bir oy oldingiga nisbatan $100,4 mlnga yoki 98% dan ortiqqa ko‘pdir. Oltin-valyuta zaxiralarida qimmatli qog‘ozlarning ulushi 0,24% dan 0,45% ga oshdi.
Markaziy bank matbuot xizmati “Spot"ga o‘tgan oyda regulyator AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olganini tasdiqladi.
2024-yilning may oyida Markaziy bank tarixda birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga $35 mln miqdorida investitsiya kiritdi. Jahon banki ko‘magida zaxiralarni diversifikatsiya qilish uchun investitsiya portfeli shakllantirildi.
Oktabr oyiga kelib, regulyator $65 mlnlik AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib oldi va o‘tgan yil yakunlari bilan ularning hajmi $101 mlndan oshdi.
Yanvar oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov AQSh davlat obligatsiyalarini xarid qilishni davom ettirish rejalarini ma’lum qildi. Oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish uchun regulyator kripto valyutalarni sotib olish imkoniyatini istisno qilgan holda risksiz aktivlarga investitsiya kiritadi.
Avvalroq O‘zbekiston yanvar oyida dunyodagi eng yirik oltin xaridoriga aylangani haqida xabar berilgandi. Markaziy bankning sof xaridlari 8 tonnani tashkil etdi. Xaridorlar uchligiga Xitoy va Qozog‘iston, sotuvchilarga Rossiya, Iordaniya va Qirg‘iziston kirdi.