2025-yil kuzidan boshlab Xitoy maktablarida sun’iy intellektni o‘rganish majburiy bo‘ladi. Bu haqda Pekin shahri ta’lim komissiyasining xabarida ma’lum qilingan.

Maktablar sun’iy intellektni qanday o‘qitishni o‘zlari belgilashlari mumkin. Bu alohida fan yoki informatika fani doirasidagi bo‘lim sifatida o‘qitilishi mumkin. Sun’iy intellektni o‘rganishga o‘quv yilida kamida 8 soat ajratilishi lozim.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sun’iy intellektning ishlash tamoyillari tushuntiriladi, o‘rta va yuqori sinflarda esa ko‘proq amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Rejaga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari sun’iy intellektning ishlash tamoyillarini tushunish uchun maxsus darslarda qatnashishlari kerak bo‘ladi.

O‘rta sinf o‘quvchilari sun’iy intellektni kundalik hayot va ta’limda qo‘llash usullarini o‘rganishadi. Yuqori sinf o‘quvchilari esa sun’iy intellekt bo‘yicha amaliy kurslarni o‘tib, uning imkoniyatlarini kengaytirish ustida ishlashlari kerak.

Shuningdek, maktablarga boshqa fanlarni o‘qitishda ham sun’iy intellektdan foydalanish tavsiya etiladi.

Maktablar sun’iy intellektni o‘qitish dasturlarini universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va yetakchi sanoat kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqishlari kerak.

Pekinda sun’iy intellekt sohasida 100 nafar “malakali mashhur o‘qituvchi” va asosiy bilimlarga ega bo‘lgan 1000 nafar o‘qituvchini tayyorlash rejalashtirilmoqda.


Avvalroq “Spot” sun’iy intellekt odamlarning aqliy qobiliyatini pasaytirishi mumkinligi haqidagi tadqiqot natijalarini yozgandi.

Kundalik vazifalarni sun’iy intellektga topshirish orqali inson tanqidiy fikrlash qobiliyatini zaiflashtirib, aqliy qobiliyatlarini pasaytirishi mumkin.