Germaniyaning davlat sektori va transport xodimlari manfaatlarini himoya qiluvchi Verdi kasaba uyushmasi 2025-yil 10-mart kuni mamlakatning 13 ta aeroportida “ogohlantiruvchi” ish tashlashni boshladi, deya xabar bermoqda “Spiegel” nashri.

Ish tashlash Berlin, Bremen, Kyoln, Dortmund, Dyusseldorf, Gamburg, Gannover, Leypsig, Myunxen, Shtutgart, Vetse, Baden-Baden va Frankfurt aeroportlarida o‘tkazilmoqda.

Ish tashlash tufayli aviakompaniyalar 500 mingdan ortiq yo‘lovchini tashishi kerak bo‘lgan 3400 dan ortiq reys bekor qilinishi mumkin.

Aeroport xodimlari ish haqini 8%ga, biroq oyiga kamida 350 yevroga oshirishni, shuningdek, mukofotlar miqdorini ko‘paytirishni va qo‘shimcha dam olish kunlari berilishini talab qilmoqda.

“BBC"ning xabar berishicha, ish beruvchilar bu talablarga rozi bo‘lmagan, ularni bajarib bo‘lmaydigan deb atagan va Pasxa ta’tili arafasida ish tashlash o‘tkazish qarorini qattiq tanqid qilgan. Aeroportlarning ehtimoliy zararlarining miqdori hozircha ma’lum emas.

Kasaba uyushmasi ish tashlash ko‘plab yo‘lovchilarga ta’sir qilishini tan olgan, ammo uni mehnat sharoitlarini yaxshilash uchun zarur ekanligini ta’kidlagan.

Verdi va ish beruvchilar o‘rtasidagi muzokaralarning keyingi bosqichi 2025-yil 14-martda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ish tashlash shu sanagacha davom etadimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Germaniyadagi eng gavjum Frankfurt aeroportini boshqaruvchi tashkilot dushanba kuni u yerdan birorta ham yo‘lovchi reysi jo‘natilmasligini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “euronews” nashri.

Seshanba kuni ham reyslarning kechikishi va bekor qilinishi ehtimoli bor. Jadval bo‘yicha kelishi va ketishi rejalashtirilgan 1116 ta reysdan 1050 tasi allaqachon bekor qilingan bo‘lib, bu raqamning yanada oshishi kutilmoqda.

Berlin aeroportida uchish va kelish uchun barcha muntazam reyslar bekor qilindi, Gamburg aeroportida esa parvozlar amalga oshirilmasligi ma’lum qilindi.

Kyoln/Bonn aeroporti muntazam yo‘lovchilar qatnovi to‘xtatilganligi haqida xabar berdi, Myunxen aeroporti esa yo‘lovchilarga “parvozlar jadvali sezilarli darajada qisqarishi"ni kutishlarini tavsiya etdi.

Ushbu nizo doirasidagi mehnatga haq to‘lash bo‘yicha muzokaralar juma kuni qayta boshlanishi kerak, aeroportlar xavfsizlik xizmati xodimlari uchun muzokaralarning navbatdagi bosqichi esa 26-mart kuni boshlanishi kutilmoqda.


Avvalroq “Spot” “Amazon” tarixida xodimlarning eng yirik ish tashlashi boshlangani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, “Amazon Teamstears” bo‘limi kompaniyadan ishchilar uchun yaxshi ish sharoitlarini talab qilmoqda.