Shuhratbek Qurbonov “Humo” to‘lov tizimi operatori Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM) boshqaruvi raisi lavozimidan ketmoqda. Bu haqdagi muhim fakt Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilindi.

6-mart kuni bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida (kvorum — 100%) MBPM boshqaruvi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Qurbonov Shuhratbek Ravshanbekovichni 2025-yilning 6-martidan boshlab “Mehnat kodeksining 160-moddasiga muvofiq xodimning tashabbusi bilan uning arizasiga asosan” egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qurbonov o‘zining “LinkedIn"dagi sahifasida MBPM rahbari lavozimidagi faoliyati davrini 2018-yilning dekabridan joriy yilning mart oyigacha deb ko‘rsatgan.

MBPMning yangi rahbari etib Maksimov Aleksey Yurevich tayinlandi, u bilan 2025-yilning 7-martidan boshlab uch yil muddatga mehnat shartnomasi tuzilgan. Xabar e’lon qilingan vaqtda “Spot” “Humo” to‘lov tizimining yangi rahbari haqida ma’lumot topa olmadi.

Shuningdek, besh kishidan iborat MBPMning yangi kuzatuv kengashi tasdiqlandi:

  • Bahodirov Ulug‘bek Hojito‘rayevich — “O‘zbekengilsanoat” uyushmasi “Orange Textile Profi” kompaniyasi direktorining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Qurbonov Shuhratbek Ravshanbekovich;
  • Tashmuxamedov Abduqahhor Abduraufovich — “Yangi Kokaldosh” direktori;
  • Fan Sziguan;
  • Li Szitszyan.

Bundan tashqari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi chiqarilgan MBPMning affillangan shaxslari ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritildi. Dekabr oyida “Humo” aksiyalarining 100% ini 840,3 mlrd so‘mga ($65 mln) sotib olgan “Paynet” 155,44 mln dan ortiq oddiy aksiyalarga (100%) egalik qiladi.

“Paynet” dastlab 20-mart kuni MBPM aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazishni rejalashtirgandi. Yig‘ilish kun tartibiga MBPMning amaldagi rahbari bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish va jamiyatning yangi raisi va kuzatuv kengashi a’zolarini saylash masalalari kiritildi.

28-fevral kuni Milliy banklararo protsessing markazi “Paynet"ni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va direktor (boshqaruv raisi) vakolatlarini amalga oshiruvchi shaxs sifatida Shuhratbek Qurbonov ham mavjud bo‘lgan affillangan shaxslar ro‘yxatiga kiritdi.

MBPMning avvalgi boshqaruv raisi Shuhratbek Qurbonov “Humo” to‘lov tizimi tashkil etilganidan buyon bevosita boshqarib kelgan, u kompaniyaga 2018-yil dekabr oyida kelgan.

“Humo” tarixi

“Milliy banklararo protsessing markazi” 2018-yilda tashkil etilgan, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan “Humo” to‘lov tizimi ishga tushirildi. 2021-yilda “Uzcard” bilan hamkorlik qilishga kelishib, infratuzilmani integratsiyalashni boshladi.

2023-yilning yozidan buyon 6,4 mingta “Humo” bankomatlari “Uzcard” bank kartalarini o‘zaro asosda qabul qiladi. Hozirda to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ular allaqachon sinov bosqichiga chiqqan.

O‘tgan yilning mayida MBPM prezidentning tegishli farmoni bilan aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Kompaniya tomonidan nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan 155 448 748 dona oddiy aksiyalar chiqarilib, Davaktiv agentligida joylashtirildi.

Iyul oyi o‘rtalarida agentlik “Humo"ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi. Jarayon uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.

Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirdi. Kompaniya “Humo"ning joriy biznes modelini to‘lov texnologiyalari va xizmatlari bilan to‘ldirishni rejalashtirgandi. Biroq, noyabr oyiga kelib, kompaniya xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi.

“Spot” bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar “Humo"ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholashgandi. Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov bunga qo‘shilgan holda, “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.

Avvalroq 1-iyuldan ayrim kompaniyalarga to‘lov tizimlariga ulanish majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Bu budjet tashkilotlari, gaz va neft sotuvchi hamda mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.