Qirg‘izistonda avtomobil kuzovlarini olib kirishga vaqtinchalik taqiq joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyevning 7-martdagi tegishli qarori “Erkin-Too” gazetasida e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, motorli transport vositalari uchun kuzovlarni (TIF TN 8707 10 900 0) olib kirish olti oy muddatga cheklanadi. Qirg‘izistonda avtomobil yig‘ish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi bir nechta kompaniyalar bu cheklovdan mustasno qilingan: “DT Texnik”, “Shumkar”, “Jisu”, “Shunfa”, “Murat Avto”, “Qirg‘iz unaa qurulush”, “Meridian Gold”.
Iqtisodiyot va savdo vazirligiga joriy etilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Jahon savdo tashkiloti va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasini, Tashqi ishlar vazirligiga esa MDH Ijroiya qo‘mitasini xabardor qilish topshirildi. Bojxona va chegara xizmatlari kuzovlarning noqonuniy olib kirilishiga qarshi choralar ko‘rishi kerak.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining qarori rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun o‘tgach — 2025-yil 22-martdan kuchga kiradi.
2023-yil yanvar oyida “O‘zavtosanoat” va “DT Texnik” Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat texnikasini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga kelishib olgan edi.
Chuy viloyatida avtomobillarni yig‘ish va ishlab chiqarish zavodi qurilishi 2023-yil may oyida boshlangan. Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri Oqilbek Japarov loyihani “har ikki davlat uchun strategik ahamiyatga ega” deb atadi.
2024-yil mart oyida Qirg‘izistondagi “O‘zavtosanoat” zavodi may oyida birinchi avtomobilni ishlab chiqarishi ma’lum bo‘ldi. Avtozavodni ishga tushirish noqulay ob-havo tufayli yarim yilga kechiktirildi. Qo‘shma loyiha doirasida Chevrolet yengil avtomobillari va Isuzu tijorat texnikalarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Avvalroq “Spot” Qirg‘iziston Botkendan Qo‘qongacha temir yo‘l qurishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Shuningdek, mamlakat milliy taraqqiyot dasturiga Chotqol-Toshkent yangi avtomobil yo‘lini qurish ham kiritilgan.