O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov xizmat avtomobilini “Mercedes-Benz"dan “Malibu"ga o‘zgartirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” so‘roviga asosan bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Matbuot kotibining qayd etishicha, Abdulla Aripov 7-mart kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatishni topshirgan.
“Prezidentimiz bergan barcha topshiriqlarni so‘zsiz bajarishimiz shart, muhokamaga o‘rin yo‘q. Menga buni 20-martdan yoki 1-apreldan joriy qilaylik, deb taklif berishyapti. Yo‘q, unaqasi ketmaydi. Prezidentimiz topshiriq berdimi, zudlik bilan bajarishimiz shart. Bu hukumatning asosiy vazifasi”, — degan bosh vazir videoselektorda.
Bosh vazir matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda hukumat tarkibidagi barcha vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xizmat avtomobili sifatida mahalliy avtotransportlardan foydalanishga o‘tgan.
Xususan, senat raisi Tanzila Narbayeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov “Chevrolet Tahoe”, bosh vazir o‘rinbosarlari “Malibu”, viloyat hokimlari esa “Tahoe” yoki “Traverse” avtomobillardan xizmat mashinasi sifatida foydalanmoqda.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, Shavkat Umurzoqov ham xizmat avtomobilini “Mercedes-Benz"dan “Malibu"ga o‘zgartirgan. Tuman hokimlari esa allaqachon “Chevrolet” avtomobillaridan foydalanishni boshlagan.
Bundan tashqari, shu kungacha foydalanib kelingan avtomobillar bosqichma-bosqich “E-auksion” platformasi orqali sotuvga chiqariladi.
5-mart kuni o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashishdagi natijalar va keyingi vazifalar yuzasidan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobil va mebelga o‘tish zarurligini qayd etgandi.
Avvalroq banklarga mahalliy avtomobillar uchun avtokredit berishda chegirmalarni qabul qilishga ruxsat berilishi ma’lum qilingandi.