2024-yil sentabr oyidan boshlab norezidentlar bilan uy-joy sotib olishi bo‘yicha tuzilgan bitimlarning barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. Bu haqda “Izvestiya"ga “Flip” ko‘chmas mulk bozoridagi investitsiya kompaniyasi bosh direktori Yevgeniy Shavnev ma’lum qildi.
“Hozirda ular umumiy savdoning taxminan 20%ini tashkil etadi. Shundan: 15%i O‘zbekiston, 21%i Belarus, 18%i Qozog‘iston, 10%i Tojikiston, 10%i Turkmaniston, 2%i Xitoy fuqarolaridir”, — dedi u.
Shu bilan birga, so‘nggi olti oy ichida umumiy segmentatsiyada Ukraina fuqarolarining ulushi keskin oshdi. Agar 2024-yil boshida ular bitimlarning atigi 2%ini tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ular umumiy sotuvlarning 5%dan ortig‘ini va norezidentlar orasida 19%ni egallaydi.
Norezidentlar tomonidan talab asosan Moskvaga qaratilgan (65% qiziqish bildirmoqda), keyin Sankt-Peterburg (10%), Moskva viloyati (15%), qolgan hududlar — 10%.
Odatda, ular biznes yoki yuqori komfort toifasidagi turar-joy majmuasidan naqd pulga kvartira sotib olishadi.
“Xaridlarning 70%i investitsiya maqsadida emas, balki bir yildan besh yilgacha yashash uchun sotib olingan. E’tiborli jihati shundaki, eng qimmat kvartiralarni Xitoy, Qozog‘iston va Ukraina fuqarolari sotib olmoqda. Bu investorlarning xarid budjeti rossiyalik xaridorlarga nisbatan biroz yuqoriroq”, deya izoh berdi mutaxassis.
Xaridlarning 65%i 20 mln rublgacha, 21%i 20 mlndan 50 mln rublgacha, 14%i esa 50 mln rubldan yuqori budjetga to‘g‘ri keladi.
Elita ko‘chmas mulkiga bo‘lgan qiziqishning ancha yuqoriligi ko‘pincha u yerdan oddiy fuqarolar emas, balki biznes egalari sotib olishi bilan izohlanadi, dedi u.
Avvalroq “Spot” Rossiyadagi patent imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish platformasi ishga tushirilgani haqida yozgandi.
Foydalanuvchilar namunaviy test sinovlari orqali rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha bilimlarini bepul baholashlari mumkin.