Qashqadaryo viloyatidagi Shahrisabz aeroporti vaqtinchalik yopiladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 13-mart kuni soat 05:00 dan 25-mart kuni 05:00 gacha aeroport faoliyati to‘xtatiladi.

1983-yildan beri foydalanilib kelinayotgan uchish-qo‘nish yo‘lagida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Xususan, havo kemalarining qo‘nishi va uchishi xavfsizligini ta’minlash uchun qurilish ishlari olib boriladi.

Uning doirasida 1554 m uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasini almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yurish yo‘lagining ustki qatlami ham ta’mirlanadi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, qurilish-ta'mirlash ishlarini “Fargona yo‘llardan muntazam foydalanish korxonasi” olib boradi. Qayd etilishicha, shu paytgacha Shahrisabz aeroportida samolyotlarni qabul qilish imkoniyati cheklangandi, jumladan, parvozlar haftasiga ikki marta kichik L-410 samolyotlarida amalga oshirilardi.

Uchish-qo‘nish yo‘lagi ta’mirlangandan so‘ng aeroport o‘rta masofaga mo‘ljallangan ATR-72 samolyotlarini haftasiga uch martagacha qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.

2023-yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryoni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

2024-yilning sentabriga kelib, aeroport 20 yildan so‘ng fuqaro aviatsiyasi parvozlari uchun ochildi. Xususan, “Silk Avia” Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.