“Bloomberg” hisob-kitoblariga ko‘ra, 20-yanvar kuni Donald Trampning inauguratsiyasidan keyin yetti hafta ichida tadbirda qatnashgan beshta eng yirik milliarder umumiy hisobda $209 mlrd yo‘qotdi.
Asosiy sabab yangi prezidentning iqtisodiy siyosati va kompaniyalarning bozor ko‘rsatkichlarining yomonlashuvi tufayli texnologik gigantlar aksiyalarining keskin pasayishi bo‘ldi.
Teslaning qulashi
Eng ko‘p zarar ko‘rgan Ilon Mask bo‘lib, uning boyligi $148 mlrdga kamaydi — bu milliarderlar orasida eng katta pasayishdir. Dekabr oyida uning kapitali rekord darajadagi $486 mlrdga yetdi, ammo saylovlardan so‘ng “Tesla” aksiyalari keskin pasayishni boshladi va eng yuqori ko‘rsatkichlarning 55%ini yo‘qotdi.
10-mart kuni kompaniya qog‘ozlari 15,4%ga tushib ketdi — bu 2020-yildan beri eng yomon ko‘rsatkich bo‘lib, “Tesla” bozor kapitallashuvining $125 mlrdga pasayishiga olib keldi.
Qulashning asosiy sabablari:
- investorlarning umidsizlanishi — elektromobillar savdosi bo‘yicha bashoratlar haddan tashqari yuqori bo‘lib chiqdi, “UBS” tahlilchilari esa yetkazib berishning yanada pasayishi haqida ogohlantirdi;
- siyosiy omil — Maskning Tramp ma’muriyati bilan yaqin aloqalari, jumladan, uning davlat apparatini qisqartirishdagi ishtiroki investorlarda salbiy munosabat va AQShda norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi;
- talabning pasayishi — yanvar oyida “Tesla"ning Yevropadagi savdosi 45%ga tushib ketdi, xuddi shunday tendensiyalar Xitoy va Avstraliyada ham kuzatilmoqda.
Tramp “Truth Social"da aksiyalarning qulashiga javoban “Tesla"ni qo‘llab-quvvatlab, yangi elektromobil sotib olishini aytdi.
Shundan so‘ng kompaniya aksiyalari savdo oldidan 5%ga ko‘tarildi, biroq tahlilchilar buni vaqtinchalik ta’sir deb hisoblashmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Tesla"ning asosiy muammosi siyosat emas, balki raqobat va past savdo ko‘rsatkichlaridir. Xitoyning “BYD” kompaniyasi allaqachon elektromobillar savdosi bo‘yicha “Tesla"ni ortda qoldirgan, “Model 2” arzon modelidan ($25 mingga) voz kechish esa talabga putur yetkazdi.
Boshqa milliarderlar qanday zarar ko‘rdi
Saylovdan keyin AQSh fond bozori o‘sishni ko‘rsatdi, ammo Trampning iqtisodiy siyosati investorlarning kayfiyatini keskin o‘zgartirdi. Kanada, Xitoy va Meksikadan tovarlar uchun yangi bojlar, shuningdek, iqtisodiyotdagi noaniqlik S&P 500 indeksining 6,4%ga pasayishiga olib keldi, bu esa eng yirik korporatsiyalarga zarba berdi.
Jeff Bezos “Amazon” aksiyalari 17-yanvardan beri 14%ga tushib ketgani tufayli $29 mlrd yo‘qotdi. Kompaniyalar uchun raqobatga dosh berish qiyin va Xitoy tovarlariga boj to‘lovlarining oshishi logistika xarajatlarini oshirishi mumkin.
Sergey Brin $22 mlrdan mahrum bo‘ldi. “Google"ga egalik qiluvchi “Alphabet” regulyatorlar bosimiga, shuningdek, reklama daromadlari o‘sishining sekinlashishiga duch keldi.
Mark Sukerberg $5 mlrd yo‘qotdi. “Meta” kompaniyasi yanvar oyida bozor qiymatining keskin o‘sishini boshdan kechirgan bo‘lsa-da, keyinchalik aksiyalar bu o‘sishning barcha natijalarini yo‘qotdi.
Bernar Arno ham $5 mlrd yo‘qotdi, chunki “LVMH” aksiyalari saylovdan so‘ng dastlab 20%ga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, keyinchalik hashamatli tovarlarga bo‘lgan talabning pasayishi oqibatida yana pastga tushdi.
Avvalroq “Spot” Ilon Mask qariyb $420 mlrd boyligi bilan super milliarderlar reytingida birinchi o‘rinni egallagani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, eng boy 24 ta tadbirkorning jami kapitali $3,3 trlnni tashkil etib, bu Fransiyaning yalpi ichki mahsulotidan ham ko‘pdir.