AQSh Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligi (HHS) departamentning barcha xodimlariga $25 ming miqdoridagi bir martalik to‘lovni olish evaziga o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shashni taklif qildi. Bu haqda “CBS” telekanali xabar bermoqda.

Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, tashabbus AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan olib borilayotgan davlat xizmatchilarini ommaviy qisqartirish kampaniyasining bir qismidir.

Elektron xat departamentning barcha xodimlariga, shu jumladan Atlantadagi Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari, Milliy sog‘liqni saqlash institutlari va Merilend shtatidagi Oziq-ovqat va dori-darmonlarni nazorat qilish boshqarmasiga yuborildi.

Xabar idora rahbarlari xodimlarni qisqartirish rejalarini taqdim etishidan bir necha kun oldin Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar departamenti (HHS) xodimlarining keng doirasiga jo‘natilgan.

Xodimlar bu taklifni dushanbadan qabul qilishlari mumkin va “ixtiyoriy ishdan bo‘shatish"ga rozilik berish uchun 14-mart kuni soat 17:00 gacha o‘z javoblarini bildirishi kerak.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligida 80 mingdan ortiq xodim ishlaydi.

Yanvar oyining oxirida “NBC” telekanali Donald Tramp ma’muriyati o‘z ixtiyori bilan ishdan ketishga rozi bo‘lgan davlat xizmatchilariga sakkiz oylik ishdan bo‘shatish nafaqasini taklif etayotgani haqida xabar bergandi.

Kutilishicha, bu taklifni federal amaldorlarning o‘n foizigacha qabul qiladi, bu esa hukumatga milliardlab dollar tejash imkonini beradi.


Avvalroq “Spot” AQSh yashash uchun “oltin” vizalarni $5 mlnga sotishni boshlashi haqida yozgandi.

Donald Trampning qayd etishicha, yashash uchun ruxsatnoma Amerika iqtisodiyotiga katta sarmoya kiritadigan xorijliklarga beriladi.