Rossiya kompaniyasi o‘zbekistonlik haydovchilarni ishga jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Rostov-Don shahar Transport departamenti direktori Vadim Shkabarnya va yirik transport kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdilar, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ish beruvchilarning ta’kidlashicha, korxonada jami 650−700 ta yo‘lovchi avtobusi mavjud bo‘lib, avtobus haydovchilarining yetishmasligi 40% ni tashkil etadi.

Ishchi kuchiga bo‘lgan talabni to‘ldirish maqsadida “D” toifasidagi haydovchilik guvohnomasiga ega 100 nafar haydovchini ishga olish rejalashtirilgan. Buning uchun kompaniya o‘zbekistonliklarni jalb qilishga tayyorligini bildirdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistondan kelib ishlayotganlar haqida ijobiy fikrlar mavjud. Uchrashuvda ish beruvchi bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.

Bundan tashqari, Migratsiya agentligining Novosibirskdagi vakolatxonasi bilan Rossiyaning Oltoy o‘lkasi hukumati rahbariyati va salohiyatli ish beruvchilar o‘rtasida onlayn muzokara o‘tkazildi.

Oltoy o‘lkasi hukumati raisining o‘rinbosari, Rossiyaning mintaqa bo‘yicha iqtisodiy rivojlanish vaziri Yevgeniy Deshevix o‘zbekistonliklarni o‘lkaning turli korxonalarida mehnatga jalb etish masalasiga e’tibor qaratdi.

Uning aytishicha, 2024-yil oxirida Oltoy o‘lkasiga ishga taklif etilgan 11 ming nafar xorijiy ishchining 6 mingdan ortig‘i, o‘tgan yili berilfan mehnat patentlarining uchdan ikki qismi O‘zbekiston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov fuqarolarni korxonalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi tashkilotlarida ish bilan ta’minlashda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, Oltoy ish beruvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasining barcha shartlariga qat’iy rioya etishga to‘xtalib o‘tdi.

Oltoy o‘lkasi mehnat va bandlik boshqarmasi vakillari mamlakatdan mehnat muhojirlarini qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, savdo va boshqa sohalarga jalb etish imkoniyati borligini ma’lum qildi.

Avvalroq o‘zbekistonlik yuk avtomobili hamda avtobus haydovchilari Germaniyaga ishga qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.