Avvalroq “Humo” to‘lov tizimi operatori Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM) boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi Shuhratbek Qurbonov bilan 6-martdan mehnat shartnomasi tugatilgani ma’lum qilingandi.
MBPMning yangi rahbari etib esa Maksimov Aleksey Yurevich tayinlandi hamda u bilan 7-martdan boshlab 3 yilga mehnat shartnomasi tuzilgan. Shuhratbek Qurbonov esa yangilangan kuzatuv kengashi tarkibiga kiritiladi.
11-mart kuni Qurbonov rasman “Humo” rahbarligidan ketishini e’lon qildi. Top-menejer, shuningdek, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov, bandlik vaziri Botir Zohidov va transport vaziri o‘rinbosari Ilhom Abdug‘afforovga alohida minnatdorchilik bildirgan (ularning uchalasi ham “Humo” tashkil etilgan paytda Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan).
2024-yilning dekabr oyi oxirida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi MBPMning 100% ulushini $65 mln (840,3 mlrd so‘m) taklif qilgan “Paynet” to‘lov xizmatiga sotdi, “KPMG” baholagan qiymatdan yuqoridir.
Aleksey Maksimov kim?
MBPMning yangi rahbari Aleksey Maksimov jamoatchilikka unchalik ham tanish emas, shu sababli ochiq manbalardan u haqida ko‘p ma’lumot topishning imkoni bo‘lmadi.
“Bankers.uz” nashrining Maksimovniki deya taxmin qilinayotgan “Facebook"dagi akkaunt ma’lumotlariga tayanib yozishicha, u 1977-yil 3-avgustda Toshkentda tug‘ilgan. Poytaxtdagi 43-umumta'lim maktabida o‘qigan, shuningdek, 1999-yilda Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (hozirgi TATU) va 2009-yilda Toshkent moliya institutini (hozirgi TDIU) tamomlagan. 2000-yilning fevral oyidan O‘zbekiston Milliy bankida (“O‘zmilliybank”) ish boshlagan.
2014-yilning oktabrida “O‘zmilliybank” saytida Aleksey Maksimovning lavozimi Pul muomalasi departamentining plastik kartochkalar boshqarmasi boshlig‘i sifatida ko‘rsatilgan. Maksimovga tegishli ekani taxmin qilinayotgan “LinkedIn"dagi sahifada uning ish joyi Milliy bank boshqarma boshlig‘i sifatida ko‘rsatilgan, boshqa ma’lumotlar keltirilmagan.
2023-yilning 30-avgust kuni Maksimov “Octobank” boshqaruvi raisining o‘rinbosari etib tayinlangan, joylashgan joyi sifatida Toshkentning Sergeli tumani ko‘rsatilgan. U bu lavozimda joriy yilning 5-martigacha, kuzatuv kengashi tomonidan o‘z xohishi bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilib, boshqaruv tarkibidan chiqarilgunga qadar ishladi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, Maksimov hozirda faoliyat yuritmayotgan kamida bitta korxonaga aloqador bo‘lgan. “Kompyuter dasturlash faoliyati” bilan shug‘ullangan “Cardpay Mobile” kompaniyasining rahbari hamda uchta ta’sischisidan biri (33,4%) bo‘lgan.
Bundan tashqari, Orginfo.uz saytida keltirilishicha, Aleksey Maksimov 2023-yilning 20-iyuligacha yana uchta — “Octo”, “Octopay” va “Vuelo” kompaniyalari rahbari va ta’sischilaridan biri bo‘lgan. “Octobank” raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganidan so‘ng u boshqa loyihalardan ketgan bo‘lishi mumkin. Hozir uchta yuridik shaxsda rahbarlar ham, ta’sischilar tarkibi ham o‘zgargan.
“Humo” tarixi
“Milliy banklararo protsessing markazi” 2018-yilda tashkil etilgan, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan “Humo” to‘lov tizimi ishga tushirildi. 2021-yilda “Uzcard” bilan hamkorlik qilishga kelishib, infratuzilmani integratsiyalashni boshladi.
2023-yilning yozidan buyon 6,4 mingta “Humo” bankomatlari “Uzcard” bank kartalarini o‘zaro asosda qabul qiladi. Hozirda to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ular allaqachon sinov bosqichiga chiqqan.
O‘tgan yilning mayida MBPM prezidentning tegishli farmoni bilan aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Kompaniya tomonidan nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan 155 448 748 dona oddiy aksiyalar chiqarilib, Davaktiv agentligida joylashtirildi.
Xususiylashtirish jarayoni
Iyul oyi o‘rtalarida Davaktiv agentligi “Humo"ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi. Jarayon uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.
Aktivni sotib olishga O‘zbekiston, Yevropa va Osiyodan 8 nafar investor qiziqish bildirgan. 6 nafar talabgor esa keyingi bosqichga o‘tdi. Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgandi. Biroq, noyabr oyiga kelib, kompaniya xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi.
“Spot” bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar “Humo"ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholadi. Aniq narxni aniqlash uchun to‘lov tizimining joriy va prognozli moliyaviy ma’lumotlariga kirish zarur. Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov bunga qo‘shilgan holda, “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari “Spot” fintex bozori ishtirokchilari bilan “Kaspi"ning O‘zbekiston bozoriga kengayishi, “Humo” bilan kelishuv ehtimoli, to‘lov tizimini sotib olishdagi rejalar va mahalliy biznesning “Kaspi” bilan raqobatlashishga tayyorligi haqida suhbatlashgandi.