12-mart kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan “Asterium” kompaniyasiga kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati uchun litsenziya berildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, agentlik direktorining joriy yilning 11-fevralidagi tegishli buyrug‘i bilan kompaniya O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi o‘n birinchi kripto-do‘konga aylandi.
Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Asterium” joriy yilning 30-yanvar kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida tashkil etilgan.
Kompaniya axborot texnologiyalari va kompyuter tizimlari sohasidagi boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi 30 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Shu bilan birga, “Asterium"ning 100% ulushiga Maxmudov Sanjar Yuldashevich egalik qiladi. Uning rahbari Sultonov Komilxo‘ja Abdukarim o‘g‘li hisoblanadi.
Joriy yilning fevral oyida ILMA “City Pay Gate” qo‘shma korxonasiga kripto-depozitariy hamda o‘ninchi kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya bergandi.
2024-yilning dekabrida agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini belgiladi. Bojlar miqdori litsenziya rasmiylashtirish vaqtida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorlarida hisoblanadi.
Bunda har bir turdagi litsenziyalarni rasmiylashtirish uchun quyidagi miqdorlar undiriladi:
- mayning pul — BHMning 3 ming baravari (1,125 mlrd so‘m);
- kripto-do‘kon — BHMning 3 700 baravari (1,387 mlrd so‘m);
- kripto-depozitariy — BHMning 7 ming baravari (2,625 mlrd so‘m);
- kripto-birja — BHMning 73 400 baravari (27,525 mlrd so‘m).
ILMA boj miqdori va uni to‘lash tartibi jahon tajribasi hamda sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalar tavsiyalari asosida belgilangani qayd etdi. Shuningdek, bu mamlakat hududiga har xil turdagi firibgarlik loyihalari tashkilotchilarining kirib kelishiga to‘siq bo‘lishi nazarda tutilgan.
Joriy yil boshida kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan buxorolik 17 yoshli yigit ishi yopilgandi.