Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida 12-mart kuni Yelisey saroyida mamlakat prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralar o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakat rahbarlari Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Davlat rahbarlari huzurida Mutaxassislar va talabalar harakatchanligi, diplomatik pasport egalarini viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar almashildi.

Shu bilan birga, bu hujjatlar qatorida Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi bor. Bu hujjat Fransiya kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 6,5 mlrd yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi.

Davlat tashrifi davomida quyidagilar ham imzolandi:

  • O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • readmissiya to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • tashqi ishlar vazirliklarining 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • 2026−2030 yillarda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik dasturi;
  • xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
  • sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
  • fransuz tilini o‘qitishni kengaytirish to‘g‘risida bayonnoma;
  • musiqa, kino va teatr sohalarida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
  • Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan Fransiya Madaniyat vazirligi, Madaniy meros milliy instituti va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti o‘rtasidagi hamkorlik bitimlari;
  • Toshkent va Parij shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bayonnoma va boshqa ikki tomonlama hujjatlar.

Avvalroq O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolangani haqida xabar berilgandi. Loyihalar qishloq xo‘jaligi, energetika, “yashil” iqtisodiyot, foydali qazilmalarni qazib chiqarish va boshqa sohalarni qamrab oladi.