Yevrokomissiya AQShdan keladigan tovarlarga javob bojlari joriy etilishini e’lon qildi.

Choralar Yevropa biznesi, ishchilari va iste’molchilarini Vashington tomonidan “asossiz savdo cheklovlari” ta’siridan himoya qilishga qaratilgan, deyiladi bayonotda.

AQSh 12-mart kuni Yevropa Ittifoqidan po‘lat, alyuminiy va tarkibida po‘lat va alyuminiy bo‘lgan ba’zi mahsulotlar importiga 25%lik bojlar joriy qildi.

Yevropa Ittifoqi bunga javoban AQShdan 6,4 mlrd yevrolik tovarlarga 2018 va 2020-yillardagi eski bojlarni tiklashga qaror qildi. Bu ro‘yxatda qayiqlar, burbonlar va mototsikllar ham bor.

Aprel oyining o‘rtalarida yangi bojlar joriy etiladi. Ular 18 mlrd yevro miqdorida bo‘lib, sanoat mahsulotlariga (po‘lat va alyuminiy buyumlar, to‘qimachilik, teri mahsulotlari, maishiy texnika, uy-ro‘zg‘or anjomlari, plastmassa va yog‘och buyumlar) hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga (tovuq va mol go‘shti, dengiz mahsulotlari, yong‘oqlar, tuxum, sut mahsulotlari, shakar va sabzavotlar) tatbiq etiladi.

2025-yil fevral oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarga yetkazib beriladigan barcha turdagi po‘lat va alyuminiy uchun 25%lik bojlarni joriy etish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi.

Trampning savdo bo‘yicha maslahatchisi Piter Navarroning aytishicha, bu choralar milliy po‘lat va alyuminiy ishlab chiqaruvchilarni kuchaytirish orqali milliy xavfsizlikni mustahkamlaydi. Xitoy javob choralarini joriy etishga va’da bermoqda.

Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida po‘latga 25% va alyuminiyga 10% boj soliqlarini joriy etdi, biroq keyinchalik Kanada, Meksika va Braziliyaga bojsiz savdo kvotalarini berdi. Jo Bayden esa bu kvotalarni Buyuk Britaniya, Yaponiya va Yevropa Ittifoqiga ham kengaytirdi.


Avvalroq “Spot” AQSh bojlari Yevropa Ittifoqi yalpi ichki mahsulotning 1,5%ini xavf ostiga qo‘yishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, mazkur tariflar Yevropa ishlab chiqaruvchilarini 12 ming ish o‘rnini qisqartirishga majbur qilishi mumkin.