O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

11-mart kuni — Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi arafasida Parijda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari hamda 100 ga yaqin yetakchi kompaniyalari, moliyaviy va ishbilarmonlik tashkilotlari rahbarlari ishtirokida Fransiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

2024-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $1,1 mlrdga yetdi, bu 2023-yilga nisbatan 14%ga ko‘pdir. Shu bilan birga, O‘zbekistondan Fransiyaga eksport hajmi qariyb ikki baravar ortib, $800 mlnni, import esa $330 mlnni tashkil etdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Fransiyaning 50 dan ortiq kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Ular orasida “Orano”, “SUEZ”, “Veolia”, “Total Energies”, “Voltalia”, “EDF”, “Lactalis”, “Airbus”, “MND” va boshqalar bor.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov kelgusidagi hamkorlikning bir qator yo‘nalishlarini, jumladan, transport-logistika o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish, savdo yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, O‘zbekiston ehtiyojlariga moslashtirilgan fransuz texnologiyalarini joriy etish orqali innovatsion rivojlanishni ma’lum qildi.

fransiya, o'zbekiston

Forum doirasida B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etilib, ikki mamlakat ishbilarmon doiralariga o‘zaro muloqot qilish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini o‘rganish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.

Forum yakunlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi, energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharsozlik, suv taʼminoti va transport, konchilik, sog‘liqni saqlash, taʼlim va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirishni belgilab beruvchi 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi.

Bundan tashqari, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) bilan yillik maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Tomonlar qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb qilish va muhim xomashyo resurslari sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Seshanba kuni kechqurun prezident Shavkat Mirziyoyev Parijga yetib keldi. Davlat tashrifining asosiy tadbirlari 12-mart kuni, shu jumladan Yelisey saroyida oliy darajadagi O‘zbekiston-Fransiya muzokaralari bo‘lib o‘tadi.