Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida 12-mart kuni Yelisey saroyida mamlakat prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini yuzma-yuz va delegatsiyalar ishtirokida atroflicha muhokama qildilar.

O‘tgan yilda tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 mlrd yevrodan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi. O‘zbekistonda Fransiyaning “Orano”, “EDF”, “Total”, “SUEZ”, “Voltalia”, “Veolia” kabi kompaniyalari ish olib bormoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan yangi hamkorlik dasturi qabul qilinmoqda.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va “MEDEF” biznes missiyasi samarali o‘tgani ta’kidlandi, Ishbilarmonlar palatasi o‘z ishini boshladi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiya kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ahamiyat qaratildi.

Sammitga yangi Innovatsiya va sanoat sherikligi dasturi tayyorlangan. Muhim mineral xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 6,5 mlrd yevrolik qo‘shma loyihalarni ilgari surish ko‘zda tutilgan.

Qo‘shma loyihalar portfeli 12 mlrd yevrodan ziyodni tashkil etmoqda. Shundan kelib chiqib, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari uzoq muddatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyun oyida Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazishni taklif etdi.

Hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida kelgusi yilda Samarqand shahrida ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazishga kelishib olindi.

Parijda Savitskiy muzeyi to‘plamidagi avangard asarlar ko‘rgazmasini tashkil etish, madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlik uchun mamlakatda Fransiya merosi instituti vakolatxonasini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Joriy yilda Toshkentda Fransiyadan tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekiston-Fransiya universiteti ochilishi ta’lim sohasidagi asosiy kelishuv bo‘lgani ta’kidlandi. Fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasida ham samarali hamkorlik davom ettiriladi.

Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida tomonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish masalasini ko‘rib chiqadilar.

Tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish maqsadida tashqi ishlar vazirliklari boshchiligida iqtisodiy idoralarni jalb qilgan holda Strategik rejalashtirish guruhini tuzishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qarorga keldilar, deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolangani haqida xabar berilgandi. Loyihalar qishloq xo‘jaligi, energetika, “yashil” iqtisodiyot, foydali qazilmalarni qazib chiqarish va boshqa sohalarni qamrab oladi.