Toshkent shahrida duch kelgan joyga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hokimlik ogohlantirish bilan chiqib, shahar aholisi murojaatlarini “diqqat bilan tinglagan” holda, poytaxtda tozalikni saqlash uchun “qat'iy choralar ko‘rilayotgani"ni qayd etdi.

Xususan, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi ommaviy reyd tadbirlari huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ularga nisbatan amaldagi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq jazo choralari qo‘llaniladi.

“Shaharda tozalik va tartib har bir fuqaroning mas’uliyatidir. Biz aholini qoidalarga rioya qilishga, atrof-muhitni hurmat qilishga va ona shahrining ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz”, deyiladi xabarda. Poytaxt hokimligi shahar aholisini tozalikka amal qilishga chaqirdi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91−1-moddasiga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 mingdan 1,125 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (3,75 — 7,5 mln so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 20 baravaridan 30 baravarigacha (7,5 — 11,25 mln so‘m) miqdorda jarima solinadi.

Maishiy va qurilish chiqindilari poligonlariga joylashtirilishi kerak bo‘lgan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,75 — 5,62 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 30 baravaridan 50 baravarigacha (11,25 — 18,75 mln so‘m) miqdorda jarima belgilanadi.

Bundan oldin poytaxt hokimligi uylar uchun chiqindi limiti belgilangani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Aholi va tadbirkorlar uchun maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib ketish xizmatlari odatdagi rejimda ko‘rsatilayotgani qayd etildi.

Avvalroq chiqindidan qarzdorlarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarni cheklashga qaratilgan qonun qabul qilingani haqida xabar berilgandi.