Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Amaldagi qonunchilikda jamiyat ishtirokchilarining korporativ shartnomalar tuzish huquqi, filiali va vakolatxonalarini ochish tartibi, ishtirokchilari o‘rtasidagi nizoli vaziyatni hal etishning muqobil usullari mediatsiya yoki hakamlik sudi tartibida hal etish belgilanmagani qayd etildi.
Shuningdek, jamiyat kuzatuv kengashi va a’zolarini saylash, qarorlarini qabul qilish hamda boshqaruvchi ijro organlari majburiyatlariga doir ayrim huquqiy bo‘shliqlar va noaniqliklar mavjud. Qonun loyihasi bilan MCHJlar faoliyatini takomillashtirish va sohada xalqaro tajribani joriy qilishga oid huquqiy normalar kiritilmoqda.
Xususan, jamiyat litsenziya bilan birga, boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar va xabardor qilish tartibida faoliyat yuritishi, filial va vakolatxonalarini ochish tartiblari belgilanmoqda. MCHJ ishtirokchilariga o‘z korporativ huquqlarini amalga oshirish to‘g‘risida korporativ shartnomalar tuzish huquqi berilmoqda.
MCHJ kuzatuv kengashining qarorlari sirtdan ovoz berish yo‘li bilan (so‘rov orqali) qabul qilinishi hamda ustav fondidagi ulushni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi bitim oddiy yozma shaklda amalga oshirilishiga ruxsat berilishi ularning samarali faoliyatini ta’minlashi qayd etildi.
Avvalroq mehnat shartnomasini tuzmagan ish beruvchilar jarimaga tortilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bandlik vazirligi mehnat shartnomasisiz fuqarolarni ishga jalb qilganlarga 75 mln so‘mgacha jarima belgilashni taklif qildi.