O‘zbekistonda seriyali obligatsiyalarni chiqarish mexanizmi joriy etildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

11-mart kuni Adliya vazirligi tomonidan agentlik direktorining qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va ularning chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga o‘zgartish kiritish bo‘yicha buyrug‘i davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Xususan, hujjatda obligatsiyalar dasturi doirasida seriyali obligatsiyalarni chiqarish mexanizmi belgilanmoqda. Bu orqali emitentlarga moliyaviy resurslarni jalb qilish jarayonini soddalashtirish va tezlashtirish mumkin bo‘ladi.

Seriyali obligatsiyalar (serial bonds) bitta ro‘yxatdan o‘tgan dastur doirasida bir nechta obligatsiyalarni chiqarish imkonini beradi. Ular har bir chiqarilishi alohida ro‘yxatga olinadigan muddatli obligatsiyalarga (term bonds) muqobildir.

Yangi mexanizmning asosiy afzalliklari qatorida ILMA moslashuvchanlikni qayd etdi. Bunda emitentlar bozor sharoitlari va kapital ehtiyojlariga qarab obligatsiyalarni bosqichma-bosqich chiqarishlari mumkin.

Turli muddat va foiz stavkalariga ega turli seriyali obligatsiyalar qarz olish xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi. Ularning turli parametrlari esa investorlarning keng doirasi uchun obligatsiyalarni jozibador qiladi.

Qayta moliyalashtirish imkoniyati orqali emitentlar ilgari joylashtirilgan majburiyatlarni to‘lash uchun obligatsiyalarning yangi seriyasini chiqarishlari mumkin. Yangi qoidalar bilan ipotekani qayta moliyalash tashkilotlari korporativ obligatsiyalarini o‘z kapitalidan ortiq miqdorda chiqarishlari mumkin hamda bu qimmatli qog‘ozlarni ta’minlash turlari ro‘yxatini kengaytiradi.

Agentlik seriyali obligatsiyalar mexanizmi kapital bozori rivojlangan mamlakatlarda, jumladan Malayziya, Pokiston, Rossiya va Qozog‘istonda muvaffaqiyatli qo‘llanilishini qayd etdi.

Bu vositaning O‘zbekistonda joriy etilishi milliy bozor raqobatbardoshligini oshiradi, emitentlarga samarali moliyalashtirish usullaridan foydalanish imkonini beradi va investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Bundan tashqari, ILMA bu o‘zgartirishlarni mamlakat moliya sektorini modernizatsiya qilish va uning investitsion jozibadorligini oshirishda muhim qadam deb atadi. Innovatsiyalar kapital bozorini rivojlantirish va iqtisodiyotga yangi sarmoyalarni jalb etishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Avvalroq fevralda O‘zbekiston Markaziy banki $100 mlnlik AQSh davlat obligatsiyalarini xarid qilgani haqida xabar berilgandi. Qimmatli qog‘ozlar hajmi ikki baravar ko‘payib, $200 mlndan oshdi, ularning oltin-valyuta zaxiralaridagi ulushi esa 0,45% gacha o‘sdi.