Toshkent shahrida reklama va e’lonlar peshlavhalarining davlat tili talablariga muvofiqligi o‘rganilmoqda.

Xususan, Shayxontohur tumani hokimining maslahatchisi Nargiza Qayumova tomonidan tumandagi “Sarhumdon” va “Obinazir” mahallalari hududidagi Gulobod ko‘chasida o‘rganish ishlari olib borildi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Davlat tili haqida"gi hamda “Reklama to‘g‘risida"gi qonunlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarda ushbu hududdagi savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, oziq-ovqat do‘konlaridagi peshlavhalar hamda axborot matnlarining qonunchilikka mos ekanligi o‘rganildi.

Tadbirkorlarga qonun talablari tushuntirilib, ma’muriy javobgarlik yuzasidan tegishli ogohlantirish xatlari berildi. Hokimlik matbuot xizmatining qayd etishicha, o‘rganish jarayonlari davom etadi.

Bu kabi nazorat nadbiri Yakkasaroy tumani hokimining maslahatchisi Dilnoza Rasulova tomonidan ham olib borildi, deya ma’lum qildi hukumatning Davlat tilini rivojlantirish departamenti matbuot xizmati.

Uning doirasida tuman hududida joylashgan savdo shoxobchalaridagi reklamalar, e’lonlar, peshlavhalar, oziq-ovqat do‘konlaridagi axborot matnlarining qonun talablariga muvofiqligi o‘rganildi. Ularning davlat tilida aks ettirilishi ta’minlanmoqda.

Bundan oldin Raqobat qo‘mitasi Navoiy viloyatida davlat tilida menyusi bo‘lmagan umumiy ovqatlanish shoxobchasiga ish qo‘zg‘atgandi. Kompaniya mas’uliga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga yuborildi.

Shuningdek, qo‘mita hamda Transport vazirligi tomonidan “Wizz Air” aviakompaniyasining o‘zboshimchalik qilgan xodimlariga nisbatan chora ko‘rildi. Sobiq deputat Rasul Kusherbayevning murojaati ko‘rib chiqilib, bort kuzatuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi personallarning o‘zbek tilida faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yish ta’minlandi.

Avvalroq ikki oyda Toshkentda reklama qonunchiligini buzgan 30 dan ortiq kompaniyaga ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi. Bular qatorida “Coca-Cola”, “Pepsi” va “Safia” kabilar bor.