Toshkentdagi reklama peshlavhalarida davlat tili talablariga rioya qilinmagani aniqlandi, deya xabar berdi mahalliy hokimliklar matbuot xizmatlari.
Chilonzor tumanida hokim maslahatchisi B. Ziyoviddinov ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridagi chet tillarda yozilgan reklama e’lonlari, peshlavhalar va axborot matnlarining “Davlat tili to‘g‘risida“gi hamda “Reklama to‘g‘risida“gi qonunlar talablariga muvofiqligi o‘rganildi.
Davlat tilini rivojlantirish departamentining Telegram-kanalida xabar berilishicha, Yakkasaroy tumanida hokim maslahatchisi D.Rasulova ham joylardagi reklama e’lonlari va peshlavhalarni xuddi shu tarzda tekshiruvdan o‘tkazgan.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatiladi, reklama mazmunining tarjimasi esa muayyan talablarga rioya etilgan holda boshqa tillarda takrorlanishi mumkin.
E’lon qilingan suratlardan ko‘rinib turibdiki, aksariyat reklama peshlavhalari rus tilida yozilgan ekan. Shu bois, ularning egalari peshlavhalarni yo olib tashlashga, yo matnni o‘zbek tiliga o‘girishga majbur bo‘lgan.
12-mart kuni Shayxontohur tumanida tashqi reklama obyektlari davlat tili talablariga muvofiqligi tekshirildi. “Reklama to‘g‘risida"gi qonunni buzgan tadbirkorlar ma’muriy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi. Tuman hokimligi bunday reydlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda reklamalarda davlat tili talablari buzilishi holatlari haqida xabarlar ko‘payib bormoqda. Yanvar oyida “Milliy tiklanish” fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘zining Telegram-kanalida barcha tashqi yozuvlar, e’lonlar va ko‘rsatmalar o‘zbek tilida bo‘lishi, davlat tiliga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarishi kerakligini aytgandi.
“Birinchi navbatda tadbirkorlar, mulkdorlar va boshqaruv idoralari o‘zbek tiliga hurmat, qonunga itoatda namuna bo‘lishlari kerak. Jamoatchilik bu masalada murosasiz bo‘lishi kerak. “Milliy tiklanish” partiyasida “Tashqi yozuvlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasini tayyorlash ishlari boshlangan”, — deb yozgan Qodirov.
Mart oyida Raqobat qo‘mitasi “WizzAir” aviakompaniyasi atrofidagi xizmat ko‘rsatish tili bilan bog‘liq mojaroni tekshirib chiqdi. Natijada, aviakompaniyaga reyslarni o‘zbek tilini biladigan xodimlar bilan ta’minlash majburiyati yuklandi. Qonunchilik palatasi sobiq deputati Rasul Kusherbayev bilan kompaniya xodimlari o‘rtasidagi kelishmovchilik ushbu tekshiruvga sabab bo‘ldi.
Joriy haftada Monopoliyaga qarshi kurashish agentligi Navoiy shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyatida qator qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Xususan, taomnoma davlat tilida bo‘lmagani uchun mahalliy kafe sudga berilgan, korxona rahbariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Avvalroq “Spot” tashqi reklama qoidabuzarligi uchun Coca-Cola, Pepsi va Safia kabilarga ish qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, yanvar-fevral oylarida Toshkentdagi 30 dan ortiq kompaniya javobgarlikka tortilgan.