Migratsiya agentligi va Tataristondagi “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Agentlik direktori Behzod Musayev korxonada vaqtincha mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan uchrashib, ularning yashash, ovqatlanish va mehnat sharoitlarini o‘rgandi. Ayni paytda “Alabuga” EIZda 1150 nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda.
Muzokaralar natijasida tomonlar O‘zbekiston mutaxassisliklari uchun qo‘shimcha 10 mingta bo‘sh ish o‘rni kvotasini ajratishga kelishib oldilar. Migratsiya agentligi yangi ish o‘rinlari uchun tanlov e’lonlarini joylashtirishga va’da berdi.
2023-yil oktabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Qozon shahrida “Alabuga” EIZ tomonidan Buxoro viloyatida maxsus iqtisodiy zona tashkil etish loyihasi taqdimoti bilan tanishgan edi. EIZ ishining birinchi bosqichida 20ga yaqin rezidentni jalb qilish rejalashtirilgan edi.
O‘sha yilning noyabr oyida Rossiyaning “Alabuga” va “Ximgrad” klublari Qoraqalpog‘istonda o‘z loyihalarini ishga tushirishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, loyihalarni ishga tushirish uchun Nukusdagi sobiq paxta terminali ko‘rib chiqildi.
“Alabuga” sanoat-ishlab chiqarish turidagi maxsus iqtisodiy zonasi 2006-yilda tashkil etilgan bo‘lib, investorlarga to‘liq tayyorlangan sanoat, muhandislik, transport va bojxona infratuzilmasini, shuningdek, bir qator soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etadi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi migratsiya bitimi tasdiqlangani haqida yozgandi.
Ushbu bitim o‘tgan yilning kuzida Germaniya kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Samarqandda imzolangandi.