Fransiyaning “Orano” guruhi “Navoiyuran” davlat korxonasi bilan yangi konni o‘zlashtirishga kelishib oldi. Bu haqda Fransiya korporatsiyasi saytida ma’lum qilingan.

Shavkat Mirziyoyevning Parijga tashrifi doirasida Janubiy Jengeldi konida uran qazib olish loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolandi. Uni sanoat usulida o‘zlashtirish bilan “Nurlikum Mining” qo‘shma korxonasi shug‘ullanadi, loyiha operatori esa “Navoiyuran” bo‘ladi.

Shuningdek, loyihaga yangi hamkor — Yaponiyaning “Itochu Corporation” savdo va investitsiya guruhi ham qo‘shiladi. Kompaniya “Nurlikum Mining"da minoritar ulushga ega bo‘ladi.

Janubiy Jengeldidagi tasdiqlangan uran zaxiralari yillik 700 tonnalik eng yuqori hajmda 10 yildan ortiq vaqt davomida qazib olish imkonini beradi. Bundan tashqari, qo‘shma korxonaning resurs bazasini ikki baravar oshirish uchun geologik tadqiqotlarni davom ettirish rejalashtirilgan.

2022-yilning iyul oyida prezident 2030-yilgacha uran qazib olish va qayta ishlashni ikki baravar oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Qarorda “Orano” mamlakat atom sanoatini o‘zgartirishda ishtirok etishi aytilgan.

O‘sha yilning noyabriga kelib, “Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida Orano” va “Navoiyuran” strategik sheriklik to‘g‘risida bitim tuzdi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatoriga uran konlarini, jumladan, Jengeldini o‘zlashtirish kiritilgan.

2023-yilning kuzida “Orano” O‘zbekiston uranini qazib olish va qayta ishlashga $500 mlngacha investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov kompaniya Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ikkita yangi uchastkada geologiya-qidiruv ishlarini olib borishini ma’lum qildi.

Avvalroq O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.