Avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 25-fevraldan boshlab erkin savdo rejimi joriy etilgani haqida xabar berilgandi.
Uning doirasida ikki mamlakat hududida ishlab chiqarilayotgan tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi. Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida qabul qilingan bayonnoma bilan erkin savdo rejimidan istisno qilingan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Ushbu ro‘yxatga jami 30 ta mahsulot nomi kiritilgan hamda istisno O‘zbekiston va Turkmaniston hududiga olib kirishda bojxona bojlari belgilangan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Ro‘yxatda quyidagi tovarlar mavjud:
- shakar;
- mineral va gazlangan suvlar va boshqa alkogolsiz ichimliklar;
- solod (shirinmiya) pivosi
- tabiiy uzum vinolari;
- achitilgan ichimliklar (sidr, asal ichimligi, sake) va alkogolsiz ichimliklar;
- etil spirti;
- tamaki xom ashyosi;
- sigaralar va tabakdan yoki uni o‘rnini bosuvchi sigaretlar;
- kumush;
- noqimmatbaho metallar;
- oltin;
- qayta ishlov berilgan yoki yarim qayta ishlangan yoki kukun holidagi platina;
- ishlov berilmagan yoki yarim qayta ishlangan, platina bilan qoplangan, kumush yoki oltin;
- qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari;
- ilma tugmalar va soch qisqichlari;
- tangalar
- motorli transport vositalari
- yengil avtomobillar, avtomobil-furgonlar;
- yuk tashuvchi motorli transport vositalari;
- maxsus avtotransport vositalari va boshqalar.
Tomonlar o‘zaro savdoda o‘z qonunchiligiga muvofiq soliq va notarif tartibga solish choralarining qo‘llanilishini saqlab qoladilar.
Bayonnomaga tomonlar roziligi bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Hujjat bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va ichki protseduralarni bajarganliklari to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali so‘nggi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Shuningdek, bayonnoma nomuayyan muddatga tuziladi va uning amal qilishini tugatish tegishli yozma bildirishnoma olingan sanadan 6 oydan so‘ng tugatiladi.
Avvalroq O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi migratsiya bitimi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Ushbu bitim o‘tgan yilning kuzida Germaniya kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Samarqandda imzolangandi.