Jizzax viloyatida 2 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalangan korxona aniqlandi. Bu haqda “Hududgazta'minot” matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, barcha hududlarda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
“Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari va huquq-tartibot organlari hamkorligida Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida o‘tkazilgan mana shunday reyd vaqtida qonunbuzilish holati aniqlandi.
Tumanning “Ko‘kbuloq” MFYda joylashgan “F. T. M.” MCHJga qarashli hudud xatlovdan o‘tkazilganda, iste’molchi elektron gaz hisoblash uskunasiga o‘rnatilgan bir martalik tamg‘ani o‘zboshimchalik bilan olib tashlab, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, gaz sarfi qayta hisob-kitob qilindi va 2 mlrd 46 mln so‘mlik zarar aniqlandi.
Noqonuniy holat bo‘yicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Avvalroq “Spot” Sirdaryoda 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Guliston shahrida korxona 176 kVt bo‘lgan elektr qurilmalari ulangan elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.