Rossiyada mehnat migrantlari bitta patent asosida ikkita qo‘shni hududda ishlash huquqiga ega bo‘lishlari mumkin. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Davlat Dumasiga “Rossiyadagi chet el fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risida"gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar kirituvchi qonun loyihasini taqdim etilgan.

Qonun loyihasi matnidan ma’lum bo‘lishicha, uning mualliflari Moskva va Moskva viloyati, shuningdek Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati hukumatlariga mintaqada berilgan patentlarni “o‘zaro hisobga olish” to‘g‘risida o‘zaro kelishuvlar tuzish huquqini berishni taklif etmoqda.

Bu viloyatda patent olgan migrantlarga shaharda ishlash va aksincha ishlash imkonini beradi. Kelishuv doirasida tashkilotlar jismoniy shaxslar daromad solig‘idan (JShDS) tushgan mablag‘larni o‘z budjetlariga taqsimlash bo‘yicha ham kelishib olishlari mumkin.

Bunda JShDS bo‘yicha belgilangan avans to‘lovi chet el fuqarosi amalda ishlashni rejalashtirgan hududda amalga oshiriladi. O‘z navbatida, ish beruvchilar mehnat migranti bilan tuzilgan shartnoma haqida uning ish joyi bo‘yicha Ichki ishlar vazirligining hududiy bo‘limiga xabar berishlari shart bo‘ladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Rossiyaga vizasiz kelgan mehnat muhojirlari, agar bu yerda ishlashni rejalashtirsa, patent rasmiylashtirishi shart.

Patent oluvchilarning asosiy qismini O‘zbekiston va Tojikistondan kelganlar tashkil etadi (YOII fuqarolariga bu qoida tatbiq etilmaydi). Bunda ular patent rasmiylashtirgach, mamlakatning faqat bitta hududida va faqat bitta kasb bo‘yicha ishlash huquqiga ega bo‘ladilar.

Hujjat mualliflarining tushuntirishicha, hozirda Moskva viloyatida patent olish uchun murojaat qilgan chet el fuqarolarining 15%i Moskvada migratsiya ro‘yxatida turadi va Moskvada patent rasmiylashtiruvchilarning taxminan 8%i Moskva viloyatida migratsiya ro‘yxatida turadi.

Natijada, ko‘plab kompaniyalar chet el fuqarosi bo‘lgan xodimlariga bir vaqtning o‘zida ikkita patent rasmiylashtirishi lozim bo‘lmoqda. Bu esa, qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida ta’kidlanganidek, “ham ish beruvchilar, ham chet el fuqarolari uchun vaqt va moliyaviy sarflar"ga olib kelmoqda.

Qonun loyihasi mualliflari bu holat “ayniqsa pudratchi kompaniyalar uchun dolzarb” ekanligini qayd etishmoqda, chunki ular ko‘pincha Rossiya hududidagi qurilish obyektlarida band bo‘lgan ishchi kuchini qo‘shni hududdagi qurilish obyektlarida ishlash uchun jalb qilishga majbur bo‘lishadi.

Qayd etilishicha, yangi tartib joriy yilning sentabr oyidan boshlab kuchga kirishi ko‘zda tutilgan.


Avvalroq “Spot” migrantlarning pul o‘tkazmalarisiz O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 17% gacha oshishi mumkinligi haqida yozgandi.

Rossiyaga borayotgan mamlakat fuqarolari soni tojikistonlik va qirg‘izistonlik muhojirlarga nisbatan kamroq. Qo‘shni davlatlarda bu 80% dan ortiqni tashkil etsa, O‘zbekistonda — 57%.

Muhojirlar xorijda ishlash orqali o‘z daromadlarini uch baravargacha oshirishlari, oilalarining turmush darajasini sezilarli yaxshilashlari mumkin. Xususan, bu O‘zbekistonda pul o‘tkazmalarisiz kambag‘allik darajasining 9,6% dan 16,8% ga oshishiga olib kelardi.