Vazirlar Mahkamasining 11-martdagi qarori bilan Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlandi.
Jamg‘arma “Kambag‘al oilalar reyestri"dagi oila a’zolarining bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etishga ko‘maklashish uchun ularga hamda ular bandligiga yordam beruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga subsidiya, grant va ssudalar ajratishga qaratilgan.
2025-yilning 1-oktabridan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan fuqarolarga naqd pul shaklida beriladigan mablag‘lar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi.
Yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, sug‘orish vositalari, urug‘liklar va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiyalar “Jamg‘arma-tashkilot-talabgor” o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida ajratiladi.
Bunda aholiga quyidagilar uchun subsidiya beriladi:
- yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun — BHMning 30 baravarigacha (11,25 mln so‘m);
- sug‘orish vositalari xaridi uchun — BHMning 10 baravarigacha (3,75 mln so‘m);
- urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun — BHMning 3 baravarigacha (1,125 mln so‘m).
Talabgor subsidiya olish uchun o‘zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisi yoki Yagona portal hamda “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qilishi mumkin.
2024-yilning sentabrida qabul qilingan prezident qarori bilan aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi negizida Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.
Joriy yilning fevral oyida kambag‘al oilalarga tadbirkorlikni boshlashga subsidiya o‘rniga foizsiz ssuda ajratilishi haqida xabar berilgandi. Ularga zarur asbob-uskunalar xaridiga 18,75 mln so‘mgacha 6 oydan 3 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar beriladi. Ishsiz fuqarolarni kasanachilikka ishga olgan tadbirkorlarga ham har bir ishchi uchun 3,75 mln so‘mgacha ssuda ajratiladi.