Avvalroq 11-mart kuni Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida Parijda Fransiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Unda qishloq xo‘jaligi, energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharsozlik, suv ta’minoti, transport, konchilik, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi yo‘nalishlarda 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi.

Xususan, Fransiyaning “Suez” kompaniyasi bilan “O‘zsuvta'minot” o‘rtasida kelishuv imzolandi. Bu haqda davlat kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuv Surxondaryo viloyatining ichimlik suvi ta’minotini modernizatsiya qilish loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirishni nazarda tutadi. Unda shartnomaning asosiy shartlari belgilandi.

Hamkorlik O‘zbekistonda ichimlik suvi infratuzilmasini yaxshilash, yangi texnologiyalarni joriy etish va aholiga sifatli suv yetkazib berishni ta’minlashi kutilmoqda.

Bundan tashqari, “O‘zsuvta'minot” boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov tashrif doirasida Metz shahrida joylashgan “Saint-Gobain PAM” kompaniyasining ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurdi. Tomonlar cho‘yan quvurlarni O‘zbekistondagi loyihalarda qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganishga kelishishdi.

2023-yilning yozida “Suez” kompaniyasi Toshkentning suv ta’minoti tizimini yaxshilashga yordam berishi ma’lum bo‘lgandi. Loyiha doirasida 650 ming aqlli hisoblagichlar o‘rnatish hamda suv sifatini yaxshilashda laboratoriya uskunalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilishi belgilangan.