“Voltalia” kompaniyasi O‘zbekiston bilan loyiha doirasida elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Bu haqda Fransiya kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida 11-mart kuni “O‘zenergosotish” davlat korxonasi, Energetika vazirligi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan shartnoma imzolandi. Gap Buxoro viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “Artemisiya” loyihasi haqida bormoqda.

Bo‘lajak klasterga 126 MVt quvvatga ega fotoelektr majmuasi, 300 MVt quvvatga ega shamol parki hamda 100 MVt (200 MVt/soat) quvvatga ega akkumulyator tizimi kiradi.

Bitim generatsiya obyektlari uchun 25 yil va jamg‘arma tizimi uchun 15 yil davomida amal qiladi. Qurilish ishlari 2026-yilda boshlanadi: quyosh elektr stansiyasi va akkumulyator tizimi — birinchi chorakda, shamol stansiyasi — uchinchi chorakda.

Ishlab chiqarilishi kutilayotgan elektr energiyasi hajmi taxminan 2,5 mln kishining ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi, deya ta’kidladi kompaniya. Bunda atmosferaga yiliga 598 ming tonna karbonat angidrid gazi chiqishining oldi olinadi.

“Volitalia”, shuningdek, Xorazmda 500 MVt quvvatga ega to‘plash tizimini yaratish rejalashtirilgan Turan Storage loyihasining asosiy shartlari to‘g‘risida kelishib oldi. Ushbu tashabbusga oid memorandum ilk bor o‘tgan yil may oyida bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida imzolangan edi.

Yana bir kelishuv Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan agrovoltaika sohasidagi tajriba loyihasining referent shartlariga taalluqlidir. Uni joriy yilning avgust oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Gibrid loyiha bo‘yicha dastlabki kelishuv 2022-yil noyabr oyida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida tuzilgan. Bir yil o‘tgach, “Voltalia” va O‘zbekiston hukumati loyihani amalga oshirish bosqichlari to‘g‘risidagi protokolni rasmiylashtirdi.

2024-yil fevral oyida “Voltalia” bilan Xorazmda quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. YTTB loyihani amalga oshirish uchun 50,5 mln yevro kredit va grant paketini taqdim etdi, yana 6,5 mln yevro ($7 mln) Yevropa Ittifoqiga kafolat sifatida ajratildi.

Avvalroq aholiga quyosh paneli va geliokollektor o‘rnatishga arzon kreditlar berilishi ma’lum qilingandi. Elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash maqsadida yirik sanoat korxonalarida energiya me’yori belgilanadi. Iste’molchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejash savodxonligi bo‘yicha o‘qitiladi.