Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyoda yagona vizani joriy etishni taklif qildi. Bu haqda u o‘zining “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
Qirg‘iziston prezidenti o‘z bayonotida “101-yil davomida hal qilinmagan Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara masalasi” hal qilinganini ma’lum qildi.
Prezident bu Markaziy Osiyo mintaqasi uchun katta voqea ekanini, mintaqadagi barcha davlatlar chegara masalalarini uzil-kesil hal qilganini ta’kidladi.
“Endi Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro vizasiz rejimni, boshqa davlatlardan kelgan mehmonlar uchun esa Shengen vizasi kabi mintaqaning barcha mamlakatlari bo‘ylab erkin harakatlanish imkonini beruvchi yagona vizani joriy etish jarayonini boshlashlari kera,” — dedi Japarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 19-mart kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 13-mart kuni Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari tomonidan imzolangan davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomani Jogorku Keneshga (parlament) ratifikatsiya qilish uchun taqdim etadi.
2023-yilning sentabridan O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegara-bojxona postlaridan ID-karta orqali o‘tish yo‘lga qo‘yildi. Bu xorijga chiqish pasportisiz chegarani kesib o‘tish va qo‘shni mamlakat hududida 60 kungacha vizasiz bo‘lish imkonini beradi.
2024-yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyoda ID-kartalarni o‘zaro tan olishni taklif qildi. Undan keyin, prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov mamlakat bilan bu tartibini joriy etish muhokama qilinayotganini xabar berdi.
Noyabr oyiga kelib, davlat rahbari Qozog‘iston va Tojikistonga ham ID-karta orqali o‘tish imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi. Mazkur mamlakatlar bilan bu tizimni joriy etish rejalashtirilgan.
Joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston va Ozarbayjon fuqarolariga chet el pasporti o‘rniga ID-karta orqali o‘zaro sayohat qilishga ruxsat berish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi erkin savdo rejimi qanday tovarlarga amal qilmasligi haqida yozgandi.
Istisno jami 30 ta tovarga nisbatan tatbiq etiladi. Ular qatorida tamaki mahsulotlari, qimmatbaho metallar hamda avtomobillar bor.