Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida belgilanmagan joyga chiqin tashlash bo‘yicha 2 mingdan ortiq holat aniqlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hokimlikning qayd etishicha, shahar sanitar holatini saqlash uchun mas’ul xizmatlar uzluksiz ishlayotganiga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash holatlari uchramoqda. Bu esa atrof-muhitga zarar yetkazmoqda.

Natijada, tegishli tashkilotlar tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joylarga va tartibsiz tashlayotganlarga nisbatan nazorat tadbirlari kuchaytirilib, ularga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, mart oyining o‘tgan davri mobaynida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan 26 ta, Milliy gvardiya boshqarmasi — 337 ta, Ekologiya boshqarmasi — 176 ta hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan 2 099 ta holat aniqlagan.

Chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash yuzasidan aniqlangan ushbu 2 638 ta qoidabuzarlik uchun 1,11 mlrd so‘m miqdorida jarimalar belgilandi.

Poytaxt hokimligi tegishli tashkilotlar tomonidan nazorat tadbirlari davom ettirilishini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, fuqarolar tozalikka amal qilish, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlashga chaqirilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91−1-moddasiga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 ming — 1,125 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (3,75 mln — 7,5 mln so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 5−10 baravari (1,875 mln — 3,5 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 20−30 baravari (7,5 mln — 11,25 mln so‘m) miqdorda jarima solinadi.

12-mart kuni poytaxt hokimligi shaharda belgilanmagan joyga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi reyd boshlanganini ma’lum qilgandi. Qoidalarni buzganlarga nisbatan qonunchilik doirasida ma’muriy javobgarlik choralari ko‘riladi.

Shu kuni Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan poytaxt hududida duch kelgan nuqtalarga chiqindi tashlash holatlari yuzasidan reyd tadbirlari o‘tkazildi. Natijada 16 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 11,375 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Avvalroq havoni ifloslantirgan quruvchilar 19 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi haqida xabar berilgandi. Agar huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilsa, 3,7 mln so‘m miqdorida jarima undiriladi.