14-mart kuni O‘zbekiston banklaridagi o‘lchovli oltin quymalari narxi yangi rekord darajasiga ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Bir gramm oltin narxi 1 mln 272 ming 440 so‘mni tashkil etib, bu kecha kungi narxdan 1,6%ga yuqoridir. 5 grammlik quyma esa 6 mln 362 ming so‘mdan, yanvar oyida sotuvga chiqarilgan 100 grammlik quyma esa 127 mln 244 ming so‘mdan taklif etilmoqda.
20-fevralda o‘rnatilgan avvalgi rekordga nisbatan qimmatbaho metall narxi 0,6%ga oshgan. Ikki yarim oy ichida narxlar 12,4%ga, yillik ko‘lamda esa 41,4%ga o‘sgan.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 6 mln 362 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 12 mln 724 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 25 mln 449 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 63 mln 622 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 127 mln 22 ming so‘mni tashkil qiladi.
Jahon birjalarida oltinning o‘rtacha kotirovkasi bir troya unsiyasi uchun $2985ni (bir gramm uchun $95,97) tashkil etadi. AQSh Mehnat statistikasi byurosi ishlab chiqaruvchilar uchun narxlarning o‘sish sur’ati pasayganini e’lon qilgandan so‘ng qimmatbaho metall fyucherslari psixologik $3000ga yetdi — bu iqtisodiyotning sovishini ko‘rsatadi.
Yil boshidan beri oltin AQShning yangi prezidenti Donald Trampning savdo siyosati va jahon savdosidagi keskinlikning kuchayishi fonida eng daromadli aktivga aylandi. Qimmatbaho metallarga bo‘lgan talab dunyoning markaziy banklari tomonidan sotib olinishi bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
“Yahoo! Finance” xabar berishicha, tahlilchilar Oq uyning tarif bo‘yicha qarorlarini hisobga olgan holda oltin narxining yanada ko‘tarilishini kutmoqda. Jumladan, “Macquarie Group” vakili Markus Garvi oltin narxi ayrim hollarda $3500gacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.